Xitoylik olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, 2014 yilda metallar zanglashi va uning oqibatlari mamlakat iqtisodiyotiga taxminan 310 mlrd dollarlik zarar yetkazgan. Tegishli tadqiqot npj Materials Degradation jurnalida e'lon qilindi.
Zanglash holatlaridan eng ko‘p zarar transport va radioelektron sohalarga to‘g‘ri kelgan. Mutaxassislarning hisob-kitobiga qaraganda, metallarning zanglashi tufayli har yillik iqtisodiy zararni 115 mlrd dollarga qadar qisqartirish mumkin. Bunda ularning eskirishini oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar kengaytirilishi lozim.
Mutaxassislarning fikricha, bunday jarayonlar ichiga zanglash ingibitorlarini joriy etish, zanglashni sekinlashtiruvchi maxsus moylar va elektrokimyoviy himoya kiradi. Transport sohasida ushbu tadbirlarni moliyalashtirish 2014 yildagi investitsiyalarning taxminan 4 foizini tashkil etgan.