Jamiyat | 16:34 / 24.07.2017
15927
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya telekanali O‘zbekiston haqida hujjatli filmni suratga ola boshladi

Rossiyaning "Kultura" telekanali "O‘zbekiston: qo‘lga kiritilgan topilmalar" hujjatli filmini suratga olish ishlariga kirishdi. Bir soatga mo‘ljallangan mazkur hujjatli film Rossiyaning “Kultura” telekanali, O‘zEOVMA va “Karavan-TV” hamkorligida suratga olinadi. 

Filmda zamonaviy O‘zbekistonning bir necha asrlik an'analari va donishmandlarining aql-zakovati bilan hamohang ravishda rivojlanib borayotgani haqida so‘z boradi. Ular har bir qadamda uchrashib, hamjihatlik va totuvlikda kun kechirmoqda. 

Shunday qilib, Toshkent shahrida Islom dinining haqiqiy qadriyatlarini o‘rganuvchi Islom madaniyat markazi, Samarqand shahrida va 1536 yilda qurilgan, ayni paytda ham talabalar ilm olayotgan Mir-Arab madrasasida islom dunyosining olim va ulamolari merosini o‘rganuvchi Xalqaro islom ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi.

Suratda: “Kultura” telekanalining suratga olish guruhi va  O‘zEOVMA Konrad Adenaur nomli Markaziy Osiyo Fondining hududiy vakili (GFR) Tomas Kunts ishtirokida intervyuni suratga olmoqda. 

“O‘zbekiston har doim turli dinga va madaniyatga e'tiqod qiluvchi odamlar ahil-inoqlikda yashaydigan tolerant hudud bo‘lib kelgan. Bunga suratga tushirish rejalashtirilgan Samarqand shahrida joylashgan Doniyol payg‘ambar maqbarasini, Toshkent shahridagi katolik cherkovi va pravoslavlarning Uspenskiy soborini  misol keltirishimiz mumkin. Biroq hujjatli filmning asosiy g‘oyasi va leytmotivi mamlakatdagi eng boy madaniy va tarixiy meros hisoblangan, O‘zbekiston olimlari tomonidan o‘rganib kelingan eng qadimiy yodgorliklar yozuvi hisoblanadi. Biz sizga ota-bobolar va muqaddas Islom an'analariga sodiq holda zamon bilan hamnafas ravishda rivojlanib borayotgan O‘zbekiston va uning xalqi haqida hikoya qilamiz”, dedi film rejissyori Valeriy Belov.

Film prodyuseri Firdavs Abduxoliqov O‘zEOVMA uchun bu Rossiya telekompaniyalari bilan  navbatdagi filmni suratga olish loyihasi bo‘lganligini ta'kidladi: “Biz ilgari ham mashhur “Masterskaya” kinokompaniyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston qumliklar durdonasi”  va Qoraqalpog‘iston haqidagi “Vaqt qumliklari aro” nomli hujjatli filmlarni suratga olganmiz. “Kultura-Rossiya” telekanali bilan qilgan hamkorligimiz Respublikamizning mustaqillik bayrami uchun munosib sovg‘a bo‘ladi, deb umid qilamiz”. 

“O‘zbekiston: qo‘lga kiritilgan topilmalar” hujjatli filmining suratga olish ishlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga s'yomka jarayonida tabiat manzaralaridan, kino va foto hujjatlardan, muzey artefaktlaridan, shaxsiy arxiv va arxiv kadrlardan foydalaniladi. Filmda mashhur arxitektorlarning, olimlarning, tarixchi va xattotlarning, O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi aholining intervyulari yangraydi.

Mavzuga oid