Neft qazib olishni qisqartirish kelishuvi 98 foizga bajarilgan

Iqtisodiyot 23:16 / 24.07.2017 5254

OPeK+ davlatlarining neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha kelishuvi bajarilishini monitoring qiluvchi vazirlar qo‘mitasi Sankt-Peterburgda o‘tgan 4-majlis natijalariga ko‘ra, kelishuvning 2017 yilning birinchi yarmida bajarilishi natijalarini e'lon qildi. Kelishuv bajarilishi 98 foizga baholangan.

Bundan tashqari, qo‘mita bozorni yanada barqarorlashtirish choralari talab qilinsa, ushbu kelishuvni 2018 yil 1-choragidan keyin ham uzaytirishni tavsiya qilgan.

Vazirlar qo‘mitasiga Venesuela, Kuvayt, Jazoir, Ummon, Rossiya, Saudiya Arabistoni vakillari va OPeK bosh kotibi kiradi.

Qo‘mita bayonotiga ko‘ra, OPeK+ davlatlari yanvar-iyun oylari davomida neft olishni 351 mln barrelga qisqartirishgan.

OPeK va unga kirmaydigan bir qator davlatlar 2016 yil oxirida neft olish hajmini kuniga oktabrdagi darajadan umumiy hisobda 1,8 mln barrelga qisqartirishga kelishib olganlar. Kelishuv 2017 yil 1-yarmi uchun tuzilgan. May oyida uning amal qilishi yana 9 oyga, ya'ni 2018 yil marti oxirigacha uzaytirilgan.

Yig‘ilishda Liviya va Nigeriyada neft olish hajmining oshishi ham e'tibordan qochirilmadi. Bu davlatlar ayni vaqtda ulardagi neft-gaz obektlariga harbiy guruhlar hujum qilishlari sababli neft olishni cheklamaslik huquqiga egalar.

OPeK ma'lumotlariga ko‘ra, Liviyada iyun yakunlariga ko‘ra, kuniga o‘rtacha neft olish 528 ming barreldan 852 ming barrelgacha oshgan. Nigeriyada esa oktabrda neft qazib olish kunlik hajmi 1,615 mln barreldan 1,733 mln barrelgacha oshgan. 

Ko‘proq yangiliklar: