Amerikaning eBay onlayn kimoshdi savdo maydonida noyob avtomobil sotuvga qo‘yildi. Bir vaqtlar Federal qidiruv byurosiga qarashli bo‘lgan Dodge Ram mashinasidan tashqi kuzatuvni amalga oshirishda foydalanilgan. E'tiborli tomoni shundaki, avtomobilda barcha «josuslik» qurilmalari, ayg‘oqchilarning bir nechta yozuv daftarchalari va hatto kuzatuvlar qayd etilgan tasmalar ham sqlanib qolingan.
Sotuvchining ta'kidlashicha, FQB furgonni dilerlik salonidan yangi holida sotib olgan. Keyin u kuzatuvchilar ehtiyojlariga muvofiq jihozlangan.
Avtomobilga 3ta qo‘shimcha akkumulyator, konditsioner va furgonning orqa qismini isituvchi isitgich o‘rnatilgan. Ikkita LCD ekran, ikkita DVD uskuna, interkom, video va kuchaytirilgan ovoz yozish uskunalari, radarlar, propan balonlari, qo‘shimcha qulflar va hatto hojatxona ham bor.
1989 yili ishlab chiqilgan furgonga 5,9 litrli motor o‘rnatilgan. Mashina atigi 23,5 ming mil (37,8 ming km) yurgan. Sotuvchining ta'kidlashicha, furgon davlat kimoshdi savdosida xarid qilingan va ajoyib texnik holatda.
Bundan tashqari, mashinaning haqiqatdan ham FQBga tegishli bo‘lganini tasdiqlovchi hujjat ham bor. Maqola yozilayotgan vaqtda uning uchun 11 ming 501 AQSh dollari taklif qilishmoqda. Savdo 2 kun 13 soatdan keyin yakuniga yetadi.