Shimoliy Koreyada 21 asrdagi eng jiddiy qurg‘oqchilik ro‘y berdi va bu qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarar keltirdi. Endilikda rasmiy Pyongyang xalqaro hamjamiyatdan zarur yordam olishga majbur bo‘ladi. Bu haqda BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga asoslanib The South China Morning Post xabar tarqatgan.
Tashkilot ekspertlari ishonch bildirishicha, yaqin vaqtlar ichida KXDR aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun import hajmini oshirishga majbur bo‘ladi. Ular shuningdek, mamlakatdagi sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish zarurati haqida gapirishgan.
BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, 2017 yili qurg‘oqchilik tufayli KXDRda guruch, jo‘xori, kartoshka va soya mahsulotlari hosili yaxshi bo‘lmadi.
«Bug‘doy ekilgan hududlarda yomg‘irlar 2001 yildagidan ham kam bo‘ldi. Bu holatda bug‘doy yetishtirish hajmi 2 million tonnaga kamayadi», — degan BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Xitoy va KXDR bo‘yicha vakili Vinsent Martin.