Ekspert fikri: Odamlar boy bo‘lishi uchun soliq ma'murchiligi isloh qilinishi kerak

Iqtisodiyot 11:44 / 20.07.2017 30976

Sh.Mirziyoyevning «Xalq boy bo‘lsa, davlat, albatta, boy bo‘ladi», degan so‘zlari davlatimiz iqtisodiy hayotidagi uzoq yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalish shiori ekanligiga hammamiz ishonamiz. Chunki bu aksioma va bu haqiqatni hech kimga isbotlashning hojati yo‘q.

Xalq boy bo‘lishining bitta yo‘li bu — ishga layoqatli fuqarolarning halol mehnat qilishlari va mehnatlari evaziga munosib daromad topishlaridan iboratdir. Bu o‘rinda davlatning asosiy vazifasi ularga xalaqit bermay, yangi ish joylarini ko‘payishi uchun qulay sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Shu o‘rinda respublikamiz soliq ma'murchiligining ayrim sohalari qanchalik bugungi kun talabiga javob berishini ko‘rib chiqsak.

Amaldagi me'yorlarga asosan, yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan fuqarolar har oy qat'iy belgilangan soliqlarni to‘lashlari kerak. Qat'iy soliq stavkasi tadbirkorlikning faoliyat turi va eng kam ish haqi miqdoriga qarab belgilanadi. Bu tartib soliq undirish amaliyotida 20 yil atrofida qo‘llab kelinmoqda va o‘z vaqtida tadbirkorlikni rivojlantirishda va soliqlarni o‘z vaqtida to‘liq undirib olishda ijobiy ahamiyat kasb etgan.

Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish kerakki, so‘nggi yillarda yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortish ma'murchiligida ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Jumladan, soliq stavkalarini belgilashda faoliyat turlarining ro‘yxati kengaytirildi, yakka tadbirkorlarga bir necha ishchi yollashga ruxsat berildi, soliq stavkalarini keskin o‘sishi kamaydi, ayrim fuqarolarga «Hunarmand» uyushmasi orqali faoliyat ko‘rsatishga ruxsat berildi va hokazo.

Ammo soliq ma'murchiligida faqat shu tartib va o‘zgarishlar bilan cheklanib qolish bugungi kun talabiga javob bermaydi. Sababi bunday tartibda tadbirkorlikni rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim hollatlar mavjud, jumladan:

  • soliq stavkalarini belgilashga qaratilgan me'yoriy hujjatlarda ayrim tadbirkorlik turlari ro‘yxatga kiritilmay qoladi;
  • oylik daromad va xarajatlar turlicha bo‘lishiga qaramay ayrim faoliyat turlariga bir xil soliq stavkalari belgilanadi;
  • tadbirkor bir oyda 5 kun ishlaydimi, 30 kun ishlaydimi, farqi yo‘k, oylik soliq summasini to‘liq to‘lashi shart. Agar tadbirkordan joriy oyda betob bo‘lib qolsa yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra ishlamasa ham, bu hol soliqqa tortish jarayonida inobatga olinmaydi;
  • birinchi marta yoki yangi faoliyat turlari bilan shug‘ulanishni boshlagan tadbirkorlarga, hamda nogiron yoki davlat ijtimoiy muhofazasiga muhtoj boshqa toifadagi tadbirkor fuqarolarga hech qanday imtiyozlar ko‘zda tutilmagan.

Fikrimizcha, moliya-soliq idoralari oldida turgan dolzarb vazifalardan biri yakka tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan soliqlar tizimiga tubdan o‘zgartirish kiritish lozim va faoliyat turiga qarab jismoniy shaxslardan har xil soliq undirish tartiblarini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Bugungi kunda Toshkent shahri hududida turg‘un shoxobchalarda chakana savdo bilan shug‘ullangan tadbirkorlar har oyda 1.500.000 so‘m atrofida soliqlar to‘lashadi. Bu o‘rinda shoxobchalarning katta-kichikligi, ularning savdo uchun qulay yerlarda joylashganligi, savdodagi mahsulotlarning ko‘pligi yoki assortimenti inobatga olinmaydi. Vaholanki, bu barcha omillar tovar aylanmasiga va yakuniy daromad hajmiga ta'sir qiladi. Kimdir har oyda 1.500.000 so‘m soliq to‘lashga qiynalmasa, kimgadir bu yuk og‘irlik qilishi mumkin.

Bugungi kunda barcha turg‘un savdo shoxobchalarida nazorat kassa mashinalari va/yoki terminallar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Bu degani soliq idoralari xodimlari tadbirkorlarning real daromad va xarajatlarini hisoblab chiqish imkoniyatiga egadirlar. Shu sabab turg‘un shoxobchalarda savdo qilayotgan tadbirkorlarning daromadlaridan soliq stavkalari asosida to‘lovlar undirish adolatliroq bo‘lardi.

2000-yillarning boshida jismoniy shaxslarni transport solig‘idan ozod qilindi va benzinni narxiga qo‘shiladigan yangi soliq kiritildi. Bu o‘zgarishlardan bir tomondan transport egalari xursand bo‘lgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan moliyachilar shod bo‘lishdi. Sababi, birinchi yilning o‘zida bilvosita, ya'ni neft mahsulotlari savdosi orqali undiriladigan yangi soliqning umumiy hajmi transport solig‘idan to‘rt marta ko‘p bo‘lib chiqdi. Bu holatning eslanishiga sabab — ayrim hollarda jismoniy shaxslardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq undirgandan, bilvosita soliq undirilishi samaraliroq ekani. Shu sabab eksklyuziv shartnomalar asosida ayrim korxonalarning mahsulotlarini bozorga kiritish va sotish bilan shug‘ullangan tadbirkorlarga tovar aylanmasidan yoki sotuvdan olinadigan soliq joriy etilishi ko‘pchilik uchun qulayliklar yaratardi.

Jismoniy shaxslar ayrim holatlarda shunday faoliyat turlari bilan shug‘ullanishadiki, bu faoliyat turlarini tadbirkorlik, deb bo‘lmaydi. Masalan, mardikorlik, bozorlarda yuk tashuvchilik va shu kabi faoliyat turlari. Bunday faoliyat turlari qonun bilan taqiqlanmagan. Shu kabi faoliyat bilan shug‘ullangan jismoniy shaxslar ma'lum daromadga ega bo‘lishadi va ularda soliq majburiyati paydo bo‘ladi. Ammo amaldagi tartib bu faoliyat turlarini xususiyatlarini inobatga ololmaydi. Shu sabab bunday faoliyat turlari uchun jismoniy shaxslarga o‘z turar joylaridan yillik patent sotib olish tizimini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Amaldagi tartibning yana bir kamchiligi shundan iboratki, agar jismoniy shaxsda bir necha faoliyat turi bilan shug‘ullanish istagi bo‘lsa, u holda undan har bir faoliyat turi uchun alohida-alohida soliq undiriladi. Bu — noto‘g‘ri. Chunki hech bir odam bir vaqtning o‘zida bir necha faoliyat turlari bilan shug‘ullana olmaydi. Kun davomida yoki oy davomida shug‘ullanishi mumkin.

Aytaylik, kunduz kuni savdo bilan shug‘ullanib, kechasi repetitorlik qilsin. Bunday tinib-tinchimagan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak va ularga bitta universal soliq belgilanishi kerak. Yoki aytaylik, o‘kituvchi maktabda dars berib, bo‘sh vaqtida repetitorlik bilan shug‘ullansa, u faqat repetitorlik bilan shug‘ullanadigan tadbirkordan bir necha marta kam soliq to‘lashi kerak. Shunda ko‘pchilik domlalarda o‘quv maskanlarida ishlab, bo‘sh vaqtlarida repetitorlik bilan shug‘ullanishga xohish uyg‘onadi.

Nihoyat, tadbirkorlar qaysi faoliyat turi va qay tartibda soliq to‘lashlaridan qat'i nazar, ularni rag‘batlantiruvchi imtiyozlar tizimi bo‘lishi kerak. Negadir imtiyoz berishdan qo‘rqamiz yoki imtiyozlardan kelib chiqadigan mablag‘lar hajmini juda katta, deb o‘ylaymiz.

Shu o‘rinda bitta misol: Soliq kodeksida ayrim toifadagi jismoniy shaxslarga daromad solig‘idan imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, fuqarolar urushi (?) va 1941–1945 yillardagi urush qatnashchilari, front faxriylari, Leningrad qamali paytida ishlagan va shunga o‘xshagan bir qator fuqarolarga daromad solig‘idan qisman — har bir to‘liq oy uchun eng kam ish haqining to‘rt baravari miqdorida chegirma ko‘rinishida imtiyoz ko‘rsatilgan.

Tabiiyki, mantiqiy savollar tug‘iladi – bu toifaga kiruvchi qancha kishi bugun hayot va ularning yoshi nechida, qanchasi mehnatga layoqatli va agar ular ishlayotgan bo‘lsa, o‘rtacha oylik daromadlari qancha bo‘lishi mumkin? Nihoyat, ulardan undiriladigan soliqlarning hajmi byudjyetning daromad qismida qanchalik muhim o‘rin egallaydi? Menimcha, davlatimizning bunday toifadagi fuqarolarning borligi uchun shukr deb, eng kam ish haqining to‘rt baravari miqdorida chegirma o‘rniga moddiy rag‘batlantirib turishga qurbi yetadi. Shu sabab birinchi marta yoki yangi ish boshlayotgan tadbirkorlarga, nogironlarga va ayrim toifadagi boshqa fuqarolarga har xil turdagi imtiyozlarni bo‘lishi bugungi kun talabidir.

Respublika xukumati tamonidan fuqarolarga tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilik bilan shug‘ullanishlari keng imkoniyatlar yaratilmokda. Bu jarayonni jadallashtirish uchun joylardagi hokimiyatlarni mas'uliyatini oshirish kerak. Mahalliy hokimiyatlar tomonidan o‘zlarining tarixiy, an'anaviy, geografik va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqqan xolda maxsus mahalliy dasturlarni ishlab chiqilishi aholini tadbirkorlik bilan shug‘ulanishlari, daromad topishlari va pirovard natijada — boy bo‘lishlari uchun yaxshi omil bo‘lardi.

Zafar Ergashev,
soliq xizmati 3-rangli davlat maslahatchisi, iqtisod fanlar nomzodi

Ko‘proq yangiliklar: