Xitoy nima uchun jahon urug‘chilik kompaniyalarini xarid qilmoqda? 

Iqtisodiyot 13:36 / 18.07.2017 24599

Xitoy oziq-ovqat firmalarining kuchayib borayotgan talabini qondirish maqsadida dunyoning yetakchi urug‘chilik bizneslarini ishg‘ol qilmoqda. Ikki hafta muqaddam, davlatga qarashli ChemChina kompaniyasi Shveytsariyaning petitsidlar va urug‘lar yetishtirishga ixtisoslashgan yirik firmasi Syngenta kompaniyasini 44 mlrd dollar evaziga xarid qilish bo‘yicha bitim shartlarini bajardi. Bu Xitoyning xorijdagi eng yirik xaridi bo‘ldi.

11 iyulda Dow Chemical (DOW) Xitoy hukumati moliyaviy ko‘magidagi agroxo‘jalik jamg‘armasi Braziliyaning makkajo‘xori doni yetishtiruvchi va tadqiqot biznesiga 1,1 mlrd dollar to‘lashini e'lon qildi. Xitoy firmalari o‘tgan 10 yil mobaynida xorijdagi qishloq xo‘jaligi, kimyo va oziq-ovqat sanoatida faoliyat yurituvchi 300 ga yaqin firmani xarid qilish uchun 91 mlrd dollar mablag‘ sarflagan. Xo‘sh, Xitoyning bu kabi yirik xarajatlari ortida qanday maqsad yotibdi? CNN telekanali shu haqda fikr yuritadi. 

Oziq-ovqat xavfsizligi

Ekspertlarning aytishlaricha, bu xaridlar Xitoyning 1,4 mlrdga yaqin aholisini oziq-ovqat bilan ta'minlash qobiliyatini yaxshilash bo‘yicha dasturining bir qismidir. Xitoyliklarning turmush kechirish darajasi yaxshilangani sari fuqarolarning go‘sht mahsulotlariga talabi oshmoqda. Bu esa, mamlakatda hayvonlar uchun yem-xashak talabini oshiradi. 

Biroq Xitoy, Chatham House siyosat instituti oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi Rob Beylining aytishicha, asosiy muammolar: qishloq xo‘jaligi ishchilarining keksayishi, atrof-muhit ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishi kabilarga qarshi kurashmoqda. 

Global AgriTrends kompaniyasining asoschilaridan biri va bosh direktori Bret Styuartga ko‘ra, mamlakat fermer xo‘jaliklari eski dehqonchilik amaliyotlari tufayli kam daromad qiladi. 

Urug‘chilik kompaniyalarini xarid qilish bo‘yicha so‘nggi harakatlar Xitoyning mahalliy hosildorlikni yaxshilash uchun zarur bo‘lgan ilmiy bilimlarini oshirishni istayotganini ko‘rsatadi. 

"Ular bilim olishga intilishadi, - deydi Styuart. – Menimcha, ular bu bilan oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun qanchalik harakat qila olishlarini namoyish etmoqda. Dunyoda erkin savdo qiliish uchun oziq-ovqat zaxiralari yetarli emas, deb o‘ylayman".

Ta'kidlash joizki, dunyoning barcha davlati o‘zini oziq-ovqat tanqisligidan himoya qilishga urinib keladi. Ammo bu masala Mao Tszedunning 1950 yillar oxirida boshlagan "Buyuk olg‘a sakrash" paytida Xitoyda kuzatilgan oziq-ovqat yetishmovchiligi sababli hozir ham dolzarbdir. Tarixchilarga ko‘ra, o‘sha vaqtdagi ommaviy ochlikdan o‘n millionlab odamning yostig‘i qurigan. 

Milliy manfaat

Xitoy amalga oshirayotgan xaridlar milliy manfaatga javob beradi. Biroq oziq-ovqat inqiroziga xalqlar va kompaniyalar qanday javob berishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud. 

"Mamlakatlar hosildorlik keskin pasayib ketgan sharoitda ham oziq-ovqatlar uzluksiz yetkazib berilishiga ishonchlari hosil bo‘lishni xohlaydi", - deya fikr bildiradi Robert Beyli. 

Oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oladigan Xitoy firmalarining aksariyati hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelgan taqdirda, bu firmalar biznes shartnomalariga rioya qilish o‘rniga "oziq-ovqat mahsulotlarini mahalliy bozorga qaytarishga harakat qilishadi", degan xavotirlar bor 

"Xitoy xorijdan ko‘proq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishni davom ettirayotgani ko‘proq tashvishlarga sabab bo‘lishi mumkin", - deydi Styuart.

Xitoy murakkab sharoitdagi qishloq xo‘jaligini kuchaytirishga urinayotgan yagona davlat emas. Saudiya Arabistoni va Yaponiya singari davlatlar ham global oziq-ovqat sanoatida korxonalar sotib olmoqda, biroq ularning harakatlarini Xitoyniki bilan taqqoslab bo‘lmaydi", - deya ta'kidlaydi Beyli.

Ko‘proq yangiliklar: