«Insof bersin». Kameradan ham balandroqdagi kuzatuv

Jamiyat 19:21 / 10.07.2017 55128

Ishdan qaytayotganimizda mashinamiz chorrahada ilkis to‘xtadi.

— Yuravermaysizmi, ko‘cha bo‘m-bo‘sh-ku? — dedim haydovchiga va darhol tilimni tishladim: gapim zardaliroq chiqdi. Navbatchilikda rosa charchagan, ko‘zim yumilib ketayotgan bo‘lsa netay?

— Tepada kamera bor-ku, oka, — dedi shofyor xijolat bo‘lib. — «Qizil»da o‘tsak, ertaga otning kallasidek jarima keladi.

Nachora! Tun qiyomidan oshgan, lekin hamma yoq sutday. Bo‘m-bo‘sh, tep-tekis, top-toza ko‘chalarga tariq tushsa ko‘rinadi. Safi uzoqlarga cho‘zilib ketgan mavzun simyog‘ochlarning ikki «shoxi» go‘yo ko‘chalar o‘rtasiga osib qo‘yilgan marvarid shodasi. Rango-rang reklamalar jilvalangan, kamalaklar quchgan favvoralar shovullagan, entikib esayotgan shabadalar daraxtlarning yaproqlarini silab o‘ynagan. Qadim shahar orom og‘ushida. 

O‘yladim. Ikki oy oldin shu haydovchi, shu mahalda, shunday hilvat ko‘chada chiroq-piroq, avtoinspektor deganni nazar-pisand qilib, o‘ylanib-netib o‘tirarmidi. Yo‘q! Ayniqsa, erkatoyroq farzandlarimiz. O‘g‘ildir-qizdir, qabatida o‘ziga o‘xshagan tantiqcha, yoningizdan o‘qday uchib o‘tadiki, o‘takangiz yorilgancha ortidan so‘kinib qolasiz: «Ha-a, boshingni yemagur!»

Omadi kelsa, manziliga yetadi. Kelmasa-chi? Kelmasa shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining xabarnomasidagi mash'um raqamlar — o‘lganlar yoki majruh bo‘lganlar soni — yana bittaga, balki ikkitaga ko‘payadi. 

Ko‘chalardan ninaning teshigidek «ko‘zlarini» uzmay turgan kuzatuv kameralari rasman ishga tushirilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo gazetalarning yozishicha, dastlabki bir yarim oy ichida yo‘llarda halok bo‘lganlar 40,4 foizga kamaygan. Yurtimiz tarixida kutilmagan, bitilmagan o‘zgarish. Bu o‘nlab odamlar tirik qoldi, degani! Mayiblik-majruhlikka chap berganlar qancha! 

Xudoim insof bersa, ikki-uch yilda kamera-pamerasi yo‘q qishloq ko‘chalarida ham, chet-chaqadagi yaydoq yo‘llarda ham odobu andisha, biri-birimizga hurmat saqlab yuradigan bo‘lamiz. Shu «bitko‘z» hammani hushyor torttirib, tenglashtirib qo‘ydi. Qo‘li uzun ham, kaltaroq ham tartibga ena boshladi. 

Shunday umidbaxsh o‘ylar xayolimdan o‘tdi-yu, yana labimni tishladim. Uyaldim. Axir kameradan ham balandroqda Bir Zot hammamizni, nafaqat ko‘cha-ko‘yda, uyda — har joyda, har soniyada bedor kuzatib, qilmishlarimizni nomai a'molimizga mos bitib, sarhisob qilib turibdi-ku?! Jonsiz kameradan, ushbu temir matohga ishonib, biz, qoidabuzarlarga jarimanoma yo‘llaydigan avtoinspektorlardan cho‘chiymiz. Bu — to‘g‘ri. Qonunga itoat — fuqaroning burchi. Aslida bularni yaratgan O‘zi-ku?.. Yaratganni unutmaganida, xabarnomalarda darj etilgan 59,6 foiz odam ham, balki tirik qolardi.

Ko‘k chiroq yondi. 

Yurdik. 

Jonqobil Juma

Ko‘proq yangiliklar: