«Tez yordam» mashinalari «Damas»dan fransuz avtomobillariga almashtiriladi

O‘zbekiston 22:14 / 06.07.2017 38191

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi Asaka avtomobil zavodiga uyushtirilgan press-tur davomida korxona bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov jurnalistlar va blogerlar bilan muloqot davomida «Damas» avtomobilidan «tez yordam» mashinalari sifatida foydalanishga o‘ta noqulayligi haqidagi savolga ham javob berdi.

«1996 yilda «Damas» avtomashinasi ishlab chiqara boshlaganimizda sobiq ittifoq davlatlarida avtosanoat parokandalikka uchrab bo‘lgan edi. Ma'lumki, o‘shangacha Riga avtobus fabrikasining RAF mikroavtobuslaridan «tez yordam» sifatida foydalanilar edi. O‘shanda majburlikdan «Damas» avtomobillari «tez yordam» mashinalariga moslashtirilgan. Albatta, bunday mashinalardan ilk tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish uchun shifokorlarning tezroq yetib borishlarida foydalanish mumkin. Bemor tashish, operatsiya qilish birmuncha noqulay», — dedi Rustam Rajabov.

«Endi 2019 yilda Jizzaxda Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive (UzPCA) qo‘shma korxonasi ishga tushirilishi kutilmoqda. Yangi zavodning ishga tushishi bilan O‘zbekistonda sifatli, qulay va ixcham tez yordam mashinalari bilan bog‘liq muammolar to‘liq bartaraf etiladi. Chunki bu zavodda asosan mikroavtobuslar va furgonlar ishlab chiqarilishi mo‘ljallanmoqda. Bilishimcha, bunday avtomobillar bazasida ilk tibbiy yordamni ko‘rsatish mumkin bo‘lgan «tez yordam» mashinalari bilan bir qatorda zudlik bilan operatsiyalar o‘tkazish imkonini beradigan «reanimobillar» ham ishlab chiqariladi». — dedi GM-Uzbekistan bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov.

Qayd etib o‘tish lozimki, Ayni paytda Samarqanddagi «SamAvto» zavodida tayyorlanayotgan «Isudzu» rusumli turli avtomashinalar orasida «Tez tibbiy xizmat»ga moslashtirilgani ham ishlab chiqarilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: