Alibaba Lazada onlayn chakana savdo kompaniyasiga 1 mlrd dollar sarmoya kiritadi

Fan-texnika 13:24 / 05.07.2017 4046

Xitoyning internet savdo kompaniyasi Alibaba yana bir onlayn-riteyler Lazada firmasiga 1 mlrd dollar sarmoya kiritadi. Bu haqda CNBC xabar qilmoqda. Natijada Alibaba ushbu kompaniyaga kiritgan umumiy sarmoyasi miqdorini 2 mlrd dollarga yetkazadi. 

Ta'kidlanishicha, Lazada o‘z brendi ostida faoliyatini davom ettiradi. Ushbu bitim bo‘yicha moliyaviy maslahatchi vazifasini Morgan Stanley Asia Ltd banki bajaradi. Ayni chog‘da Jyek Ma xoldingi kompaniyaning 51 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Bitim poyoniga yetgach, Alibaba’ning Lazada Group’dagi ulushi 83 foizga yetadi. 

Lazada bosh direktori Maksimilian Bittnerning qayd etishicha, kelishuv ijobiy yakunlansa, kompaniya aksiyalariga Alibaba, Temasek Holdings va Lazada boshqaruvi egalik qiladi, xolos. Bittner kompaniyani 3,15 mlrd dollarga baholagan. 

Kompaniyalar, shuningdek, Alibaba Lazada onlayn riteyleriga yana 500 mln dollar sarmoya kiritishi mumkinligiga kelishib olishgan. Alibaba bosh direktori Deniel Chjanga ko‘ra, «mintaqadagi elektron savdo bozori hamon to‘liq o‘zlashtirilmagan. Kompaniya Lazada ko‘magida Janubi-sharqiy Osiyo bozorini o‘zlashtirishni boshlaydi». 

2016 yili o‘tkazilgan tadqiqotda 2025 yilga kelib, mintaqa internet-iqtisodiyoti 200 mlrd dollargacha yetishi — bu birinchi galda elektron savdo hisobiga amalga oshishi ta'kidlangan edi. 

Aytish mumkinki, Alibaba Lazada kompaniyasini xarid qilish bilan JD.com va Amazon kabi raqobatchilari qarshisida mintaqadagi ustunligini saqlab qolishni rejalashtirayotgan ko‘rinadi. 

Ko‘proq yangiliklar: