Xitoydagi eng ommabop avtomobillar

Fan-texnika 14:30 / 03.07.2017 15063

Yer kurrasining eng yirik avtobozorida odamlar qaysi avtomobillarni ko‘proq xarid qilishmoqda?

Shu yilning boshidan buyon Xitoy avtobozorida 24 ta yangi avtomobil sotuvga chiqarildi. Bu hol mamlakatning eng ko‘p sotilayotgan 10 avtomobili ro‘yxatiga o‘z ta'sirini o‘tkaza oldimi? «Motor» nashri 2017 yilning may oyi oxiriga Xitoy avtobozorida ishlar qay alfozda ekanligiga aniqlik kiritdi.

10-o‘rin — Volkswagen Sagitar

Yevropada Jetta nomi bilan tanilgan avtomobilning yoshi xitoyliklarni ham tashvishlantira boshlaganga o‘xshaydi. Avtomobil reytingda 6-o‘rindan 10-o‘ringa tushib ketdi (2016 yil mayiga nisbatan), bu holatda savdo hajmining pasayishi 17,7 foizni tashkil etdi va 2016 yilgi 143.043 tadan 2017 yilda 117.984 taga tushgan.

9-o‘rin — Volkswagen Jetta

Rossiyada Polo nomi bilan mashhur sedan Xitoyda ko‘hnaroq Jetta nomi ostida sotiladi. U bir yil muqaddam 7-o‘rinda edi. Modelning savdosi pasaygan, biroq Sagitar’ga solishtirilganda jiddiy emas — bor-yo‘g‘i 10,3 foizga. 2016 yilning dastlabki 5 oyida 140.758 ta «Jyetta» sotilgan bo‘lsa, bu yil hozircha 126.223 ta sotildi.

8-o‘rin — Volkswagen Tiguan

«Folks»lardan qay birining savdosi o‘syapti o‘zi, deb so‘rashingiz mumkin. Marhamat, yangi Tiguan’ga real qiziqishlar 37,3 foizga oshgan. Bir yilgina muqaddam u ro‘yxatda 17-o‘rinni egallab turgandi. O‘tgan yili yanvar-mayda 95.616 ta «Tiguan» sotilgan bo‘lsa, bu yil sotuv hajmi 131.245 taga yetgan.

7-o‘rin — Toyota Corolla

Corolla ham o‘z ko‘rsatkichlarini birmuncha yaxshiladi: o‘tgan yilning iyuni boshiga u to‘qqizinchi o‘rinda edi, endi esa yettinchi. Biroq, o‘sish u qadar katta emas — bor-yo‘g‘i 0,7 foiz. O‘tgan yilning yanvaridan maygacha 135.853 ta mashina sotilgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 136.758.

6-o‘rin — Nissan Sylphy

«Sentra» deb atash mumkin bo‘lgan model — Nissan Sylphy ham yaxshi o‘sish ko‘rsatkichiga ega bo‘lib turibdi. Modelga bo‘lgan talab 2016 yilning mayi so‘ngida 113.561 bo‘lgan bo‘lsa, bu yil — 147.055 tani tashkil etdi va Sylphy 13-o‘rindan oltinchi o‘ringa chiqib oldi. 

5-o‘rin — GAC Trumpchi GS4

Bir yil oldin sotilish ro‘yxatida 12-o‘rinni egallab turgan Trumpchi GS4 krossoveri ham o‘z natijalarini yaxshilab oldi. Statistika o‘sish 19,8 foiz bo‘lganini ko‘rsatmoqda: agar 2016 yilning dastlabki besh oyida 124.675 mashina yangi egasini topgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich  149.388 tani tashkil etmoqda.

4-o‘rin — Buick Excelle

Bu sotuv reytingi rekordchisi aynan shu model bo‘ladi, chunki uning ko‘rsatkichlari ikki yarim barobarga yaxshilangan! O‘zining +141,5 foizi bilan Excelle 32-o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa chiqib olgan. Natijalar ham shunga monand: 2016 yilda 67.896 mashina sotilgan bo‘lsa, 2017 yilning dastlabki besh oyida — 163.945 ta.

3-o‘rin — Haval H6

Uchinchi o‘rinda bir yil muqaddam bo‘lganidek, hamon Haval H6 bormoqda va unda pasayish 5,6 foizni tashkil etgan. Natijada, 2016 yilda 202.706 Haval H6 sotilgan, 2017 yilda esa 191.396 ta.

2-o‘rin — Volkswagen Lavida

Reytingning «kumush» sovrindori ham o‘zgarishsiz qoldi, va bu model — Volkswagen Lavida bo‘lib, unga dastlabki besh oyda 220.363 dona uchun pul to‘lashgan. Bir yil muqaddam mashina 9,6 foizgina ko‘proq sotilgan edi — 243.769 avtomobil.

1-o‘rin — Wuling Hongguang

Birinchilikni Wuling Hongguang qo‘ldan boy bermadi (ha, reytingning kuchli uchligi mutlaqo o‘zgarishsiz qolgan). Shu yilning yanvaridan may oyiga qadar 226.510 ta ana shunday mashina sotilgan, biroq o‘tgan yilning dastlabki besh oyida natijalar yaxshiroq edi — 252.357 dona. Bu esa 10,2 foizga pasayishni bildiradi.

Ko‘proq yangiliklar: