«Toshkent-4» terminali qurilishi ishlari to‘xtatildi

O‘zbekiston 17:00 / 30.06.2017 53422

Toshkent aeroportining «Toshkent-4» terminalini qurish bo‘yicha ishlar vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30 iyun kuni imzolangan «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqarolik (ishchi) aviatsiyasi zamonaviy aeroport majmuasini qurish» to‘g‘risidagi qarorida ma'lum qilingan.

Hujjatda qayd etilishicha, terminal qurilishi aholi turar joylari va boshqa binolar buzilishini, Qorasuv kanali yoqasidagi hududdan aholini ko‘chirishni talab etadi, bu esa tuman aholisi tomonidan noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Buning o‘rniga Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Bu ishlar aeroportning qabul qilish qobiliyatini oshirish va xalqaro reyslar yo‘lovchilariga yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatishga qaratiladi.

Bundan tashqari, shu qaror asosida «Toshkent-Sharqiy» aerodromi (Tuzelda) fuqarolik aviatsiyasi uchun moslashtiriladi, uning bazasida oliy darajadagi mehmonlarni kutib olish uchun aviatsiya majmuasi barpo etiladi.

Yangi quriladigan aviatsiya majmuasida, jumladan, oliy darajadagi xorijiy delegatsiyalarni kutib olish va kuzatishni tashkil etish uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.

Qarorda ta'kidlanishicha, yangi majmua qurilishi xorijiy moliya institutlarining qarzlari, shuningdek, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston davlat rahbari «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga loyihaning texnik-iqtisodiy asosini uch oy muddatda «O‘zshaharsozlikLITI» bilan hamkorlikda ishlab chiqish va vakolatli organlari bilan kelishish hamda uni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish haqida ko‘rsatma bergan.

Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 1 fevraliga qadar qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlari tayyorlash bilan birga olib borishga ruxsat berdi. Shuningdek, mazkur loyiha ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi.

«Toshkent-Sharqiy» aerodromidagi harbiy-transport aviatsiyasi boshqa joyga ko‘chiriladi. Aerodromda qurilish-montaj ishlari 2018 yil fevralida o‘tkaziladi. 

«Toshkent-4» terminali 2019 yilda qurib bitkazilishi kutilayotgan, uning me'moriy loyihasi Janubiy Koreyaning Heerim kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgandi. Loyiha qiymati 430 million dollarga baholangandi. «Toshkent-4» maydoni 87 ming kvadrat metr bo‘lishi, soatiga 1,5 ming yoki yiliga 5,7 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallangandi.

Ko‘proq yangiliklar: