“Murojaatdan foyda yo‘q, bolalar maydonchasi meniki...”

Jamiyat 22:28 / 27.06.2017 47475

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017 yil 30 mart kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan videoselektor majlisida ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, xususan, o‘g‘il-qizlar uchun zamonaviy jihozlangan bolalar maydonchalarini qurish bo‘yicha hududlar rahbarlariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Bu ko‘plab shaharlarda yashayotgan fuqarolarni quvontirdi.

Ammo ba'zi mutasaddi rahbarlar mazkur amaliy ishlarga panja ortidan qaramoqda. Gap shundaki, Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Aviasozlar-4 dahasidagi, 41a-uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar Kun.uz saytining elektron pochtasiga uylariga biriktirilgan bolalar maydonchasi hududi noqonuniy ravishda ayrim mas'ul shaxslar tomonidan o‘zlashtirib olinganidan aziyat chekayotganligini, bu uyda voyaga yetayotgan bolalar bo‘sh vaqtlarida o‘z uyidan yiroqda, nazoratsiz holda qolayotganidan shikoyat qilib murojaat yo‘llashgan. 

Ijodiy guruhimiz mazkur masalani batafsilroq o‘rganish uchun Toshkent shahar  Yashnobod tumani, Aviasozlar-4 dahasidagi, 41a-uyga yo‘l oldik.

Manzilga yetib kelganimizda haqiqatan ham masala dolzarb ekanligiga guvoh bo‘ldik. Ma'lumot o‘rnida aytish kerak-ki, bugun Yashnobod tumani, Aviasozlar-4 dahasidagi, 41a-uy to‘qqiz qavatli bo‘lib, 81 ta xonadonda 100 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz voyaga yetmoqda.

Biroq bu uyga tutash yer maydoni – ilgari bolalar maydonchasi bo‘lgan joyning tegishli qismi aholi roziligisiz begona shaxs – 34-uyboshisi, “Ahil insonlar” shirkati rahbari, fuqaro F.Sobirova tomonidan o‘zlashtirilib, to‘rt tomondan temir panjara bilan o‘rab olingan. Noqonuniy egallangan yer maydonini bo‘shatish bo‘yicha uy aholisining fuqaro F.Sobirovaga hamda mutasaddi tashkilotlarga yillar davomida qilgan murojaatlari samara bermagan.

41a-uy aholisi tomonidan uyga tutash hududda bolalar maydonchasi qurilishida amaliy yordam so‘rab, bir necha yillardan buyon tuman hokimligiga murojaat etib kelinmoqda. Murojaatga tuman hokimligidan berilgan javoblarda masala ijobiy hal qilinishi choralari ko‘rilishi, bolalar maydonchasi 2016 yil rejasiga kiritilganiga oid javoblar olingan. Biroq 2017 yilning 5 oyi o‘tsa hamki, biror bir amaliy natija bo‘lmagan.

Tuman hokimligiga murojaatlar natija bermagach, joriy yilning 10 aprel kuni ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahar Xalq qabulxonasiga 25 nafar kishi imzo qo‘yib, murojaat yo‘llangan. Murojaat Xalq qabulxonasida 1-17/1624-raqami bilan ro‘yxatga olingan. Xatga Toshkent shahar xalq qabulxonasidan 14.04.2017 yilda murojaat mazmunan ko‘rib chiqib, hal qilinishi uchun Toshkent shahar hokimligi, Yashnobod tuman hokimligi va hududiy kommunal foydalanish birlashmasiga yuborilgani haqida javob olingan.

Biroq oradan bir yarim oy vaqt o‘tsa-da, murojaatning ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan biror-bir idoradan javob kelmagan. Qonun bo‘yicha murojaat 15 kunda ko‘rib chiqilishi va javob qaytarilishi lozim edi. Ammo bunday bo‘lib chiqmagan. Oxiri odamlar 25 may kuni Toshkent shahar Xalq qabulxonasiga borib, vaziyatni aniqlashtirishga harakat qilishgan. Xalq qabulxonasida shu narsa ma'lum bo‘ladiki, murojaat Yashnobod tuman hokimligi va hududiy kommunal foydalanish birlashmasi tomonidan allaqachon ko‘rib chiqilib, Xalq qabulxonasiga javob yo‘llangan ekan.

Nimagadir javob xati Toshkent shahar xalq qabulxonasiga yo‘llangan xolos. Bu - mutasaddi idoralarning O‘zbekiston Prezidenti nomiga 25 nafar fuqaro imzo qo‘yib yuborgan murojaatiga munosabatidan dalolatdir!

Va nihoyat joriy yilning 10 may kuni “temir panjarali to‘siqlar”ni olib tashlashda yordam so‘rab, Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi “Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi” rahbarining virtual qabulxonasiga murojaat qilinadi. Murojaat 13 mayda ko‘rib chiqilib, F.Sobirova tomonidan 255,00 kv.m. yer maydoni temir panjara bilan noqonuniy o‘rab olingani tasdig‘ini topadi va F.Sobirovaga uch kun ichida yerni bo‘shatish haqida ko‘rsatma kiritilib, dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Shuningdek, belgilangan tartibda 13.05.2017 yilda tashkilotning 12/368-son xati Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 12 fevraldagi “Aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari qat'iy bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 41-son hamda Toshkent shahar hokimining 2009 yil 4 martdagi 115-son qarorlari talablariga muvofiq aniqlangan holat yuzasidan chora ko‘rish uchun Yashnobod tumani hokimligiga yuboriladi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: shahar sharoitida “dom”lar orasida shunday ham kam bo‘lgan (aniqrog‘i 600-700 kv.m atrofidagi) uyga tutash hududlarni fuqarolar yoki shirkatlar tomonidan “o‘ziniki qilib” o‘rab olish, bu maydonda qandaydir binolarni qurish loyihalarini tayyorlash qanchalik mantiqli? Odamlarning unga munosabati, bu holat shu joyda yashovchilar ruhiyatiga, hayot tarziga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani bilan kimdir qiziqadimi?

Fuqarolarning takror-takror murojaatlari va qat'iy talabi bilan bu hududga 26 may kuni tuman hokimi o‘rinbosari X.A.Hakimov shaxsan “tashrif buyurgan”ini qayd etish lozim. Hokim o‘rinbosari “Oq-buloq” shirkati rahbariga bolalar maydonchasini qurish uchun “Ipoteka” bankidan kredit olish yo‘llarini tushuntirgan... Eng qizig‘i “Six ham kuymasin, kabob ham”, degan naqlga amal qilishni sevuvchi janob hokim o‘rinbosari, o‘z farzandlarining tinchini o‘ylagan aholini “Yozuvchi”ga chiqargani yetmaganday, ko‘p qavatli uyning derazalari sinib pastga tushib ketishiyu, bu bolalar hayoti uchun xavfli bo‘lishi kabi yoki boshqa bir favqulotda holatlarni hisobga olmay, aniqrog‘i, yurtboshimiz bot-bot takrorlaganidek, uzoqni ko‘ra oladigan rahbar bo‘lib, to‘g‘ri tavsiya berish o‘rniga, maydoncha jihozlarini ko‘p qavatli uyning tagida o‘rnatish mumkinligi haqida o‘zining “xolis” tavsiyasini ham beradi. Shuningdek, o‘zlashtirib olingan joyda esa fuqaro F.Sobirova taklif etayotgan loyiha tuman hokimligi apparati yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi, fuqarolarning bu borada takror-takror murojaat qilaverishidan foyda yo‘qligini ham aytib ketdi.

Bugungi kunda 41a-uy biriktirilgan “Oq-buloq” shirkati tomonidan “Ipoteka” banki tuman filiali krediti hisobiga bolalar maydonchasi jihozlarini sotib olish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolangan. Biroq inventarlarni o‘rnatish lozim bo‘lgan joy hamon muammoligicha qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: