O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 00:24 / 20.06.2017 8745

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi.

Farmonga ko‘ra, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi va ular faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

• zarur shart-sharoitlarni yaratish va bir joyning o‘zida keng ko‘lamli davlat organlari hamda bozor infratuzilmasi sub'yektlarining xizmatlari, biznes-xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali tadbirkorlik sub'yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

• tadbirkorlik sub'yektlariga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, axborot ta'minoti, davlat xizmatlaridan foydalanishda (ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish, litsenziyalash va boshqa hujjatlar) ko‘mak berish;

• biznes-rejalar ishlab chiqish, shuningdek, lizing, sug‘urta va baholash xizmatlaridan foydalanish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash;

• moliyaviy, tovar-xomashyo va tabiiy resurslar, texnologik mashinalar va uskunalar, ishlab chiqarish obektlari, shuningdek, yer maydonlaridan foydalanishda ko‘maklashish;

• soliqqa tortilish, ishchilar yollash, statistika, moliya, soliq va boshqa hisobotlarni topshirish, bank xizmatlari, bino va joylarni ijaraga olish, davlat mulki obektlarini «nol» qiymatida xarid qilishda maslahatlar berish;

• xalqaro standartlar va sertifikatsiya tizimini joriy etishda, jumladan, tashqi savdo hamkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda yordam berish;

• tadbirkorlik sub'yektlari uchun tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha bozor infratuzilmasi sub'yektlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralarni tashkil etish.

Ko‘proq yangiliklar: