OAV Londondagi masjid yonida hujumni sodir etgan terrorchi shaxsini ma'lum qildi  

Jahon 02:07 / 20.06.2017 16163

Londondagi Finsberi-park tumanida joylashgan masjid yonidagi terakt ijrochisi 47 yoshli Darren Osborn ekanligi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Sky News telekanali xabar bermoqda.

Avvalroq London politsiyasi bosqinchi 48 yoshdaligini ma'lum qilgandi, biroq uning ismi aytilmagan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey ham terrorchi shu yoshda ekanligini aytgandi. Keyinroq Skotlend-Yard terakt ijrochisi 47 yoshdaligini  Twitter’da ma'lum qilgan. 

19 iyunda soat 00:20 lar atrofida oq furgon haydovchisi kechki ibodatdan so‘ng masjiddan uylariga qaytayotgan musulmonlarga borib urilgan. Haydovchi odamlar tomonidan ushlanib, politsiyaga topshirilgan. Voqea oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan, 10 kishi esa jarohat olgan. Ulardan ikkisiga voqea joyida yordam ko‘rsatilgan, qolgan 8 jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilgan.

Sky News’ning ma'lum qilishicha, dastlab Osborn qotillikka urinish gumoni bilan hibsga olingan. So‘ngra u aksilterrorchilik qonunchiligini buzishda gumon qilina boshlangan. Jumladan, u teraktni amalga oshirish, unga tayyorgarlik ko‘rish va sodir etishga gij-gijlash, jumladan qotillik va qotillikka urinishda ayblanmoqda. 

Skotlend-Yardning ma'lum qilishicha, Finsberi-parkdagi hujum bilan bog‘liq ravishda Uels poytaxti Kardiffdagi turar joy manzili bo‘yicha tintuv o‘tkazilgan.

Ko‘proq yangiliklar: