Borovskiy kolleji o‘quvchisining qalbidan otilgan so‘zlariga raddiya

Jamiyat 00:41 / 20.06.2017 51190

Toshkent shahridagi Borovskiy kolleji tegrasida kechayotgan voqealar odamlarni befarq qoldirmayapti. Jumladan, Kun.uz elektron pochtasiga ham mazkur masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalirini bildirayotganlar bo‘lmoqda. Jumladan, joriy yilning 16 iyun kuni «Nahotki Borovskiy kolleji yopiladi: kollej o‘quvchisining qalbidan otilgan so‘zlar» maqolasiga raddiya berilgan bo‘lib, uning mazmuni quyidagicha:

“Assalomu alaykum. Men muntazam ravishda saytingizni kuzatib, undagi xabar, yangilik va maqolalarni o‘qib boraman. 

16 iyun kuni e'lon qilingan «Nahotki Borovskiy kolleji yopiladi: kollej o‘quvchisining qalbidan otilgan so‘zlar» sarlavhali maqolani o‘qib taajjubga tushdim. Sizlarga murojaat qilgan talabaning so‘zlaridan avvaliga «haqiqatan ham, adolat qani?» degan savol tug‘ilishi tabiiy, lekin OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jaranglayotgan so‘zlar qanchalar to‘g‘riligi borasida bir og‘iz mushohada qilib, Kun.uz’ga murojaat qilgan talabaning so‘zlarini tahlil qilib ko‘rsak, nima deysiz?

Avvalambor, Borovskiy tibbiyot kollejida berilayotgan ilm va tajribani boshqa bir tibbiyot kolleji bera olmasligi qayerdan olingan gap? Axir barcha, xoh u oliy ta'lim muassasasi bo‘lsin, litsey yoki kollej, boringki, maktablarimizda ham beriladigan ta'lim, kerakli vazirlik va mutasaddi tashkilotlarning maxsus xodimlari tomonidan tasdiqlangan reja asosida olib boriladi. Shuning uchun, aytaylik, Surxondaryodagi tibbiyot kollejidan Borovskiyning hech qanday oshiq joyi yo‘q. 

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumotnomasiga ko‘ra, Borovskiy tibbiyot kollejida belgilangan me'yordan ko‘ra 1,5 barobar ko‘proq talabalar o‘qishini, bu esa o‘z navbatida, bilim olish darajasining tushib ketishiga sabab bo‘lishini ham yoddan chiqarmaylik. Aslida, izlanaman degan insonga qaysi dargohda o‘qishning umuman farqi yo‘q.

Shuningdek, xatda Borovskiy tibbiyot kollejida tahsil olayotgan barcha talabalarni o‘z bilimiga asosan test sinovlaridan o‘tgani haqida gapirilgan. Bu borada ham gapirmay indamay turishning iloji yo‘q, chunki hech kimga sir emaski Borovskiy tibbiyot kollejiga kirishning o‘zicha belgilangan stavkalari bor. Men hattoki «Borovskiy»ning 10 nafardan ortiq shunday talabasini shaxsan bilamanki, ular o‘z bilimiga asosan o‘qishga kirmagan. Yuqorida yozilganidek, ular o‘sha belgilangan stavkani to‘lab, keyin talaba bo‘lishgan. 

Keling, endi oxirgi paytda yuz bergan hodisa kollej o‘quvchisining unga yetkazilgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etganligi yuzasidan gaplashsak. Albatta, har joyda har xil nojo‘ya harakatlar bo‘lib turishi tabiiy. Biroq har joyda ham buning oqibatida insonlar vafot etmaydi. 

Shu o‘rinda Borovskiy tibbiyot kollejida tahsil olayotgan barcha talabalarga yuzlanib aytib o‘tmoqchiman: «O‘zingizni aybsiz aybdor his qilishingiz noto‘g‘ri». Nahotki siz ko‘kragingizga urib, ko‘plab do‘stlar orttirdik, deysiz-u, lekin do‘stlaringizning orasida qanday gaplar o‘tayotganidan xabaringiz bo‘lmasa? Yoki biror kursdoshingiz boshqa kursdagilar bilan urishib qolgudek bo‘lsa, ularni yarashtirib qo‘yish tugul, hattoki bu haqda xech kimga ayta olmagansizlar? Qanday qilib siz aytayotgan jahon tan olgan dargohning talabalari bu ahvolga tushib qolgan? Endi o‘zingizni O‘zbekistonning faol yoshlari sifatida ko‘rsatishingiz, kitob sotib olishga borishingiz va bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilishingiz kulguli holat. Yoki bu tashrifingizdan kim qancha kitob oldi-yu, qanchasini o‘qib chiqdi?

Avvallari shu Siz aytayotgan jahon tan olgan Borovskiy tibbiyot kollejida talabalar umuman boshqacha bo‘lishgan. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ular haqiqatan ham shu dargohning faxrli talabalari bo‘lishgan. Hozirga kelib talabalar o‘zaro ota-onasi unga qanday qo‘l telefonini sotib olib berishgani-yu, kiyib kelgan kiyimining qiymatini baholashda «kim o‘zar»ga o‘tib olishgan.

Borovskiy tibbiyot kollejining hurmatli talabalari! Biz bu gaplarni osmondan olganimiz yo‘q, bu aniq haqiqat va bu narsalardan o‘zim shaxsan xabardorman. Vijdonan ayta olasizmi, qay biringiz Borovskiy tibbiyot kolleji talabasi, degan nomga loyiqsiz? Bu savolga ajablanmang, chunki xolislar ishtirokida talabalarning qanday kirgani u yoqda tursin, egallagan bilimlarini attestatsiyadan o‘tkazsak, ishonch bilan ayta olamanki, 90 foiz talaba bu sinovlardan o‘ta olmaydi!   

Xulosa o‘rnida, Siz aytib o‘tgan bir gapga javob qaytarmoqchiman.

Siz o‘zingizni Borovskiy tibbiyot kollejining xalqaro miqyosidagi erishgan yutuqlarini sanab, hammaga ro‘kach qilishdan ko‘ra, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tan olib, «bunday holat boshqa qaytarilmaydi, bizlarni kechiringlar», deyishga kuch topa oling. Zero, saxovatpesha halqimizda «Egilgan boshni qilich kesmas», degan naql bor. 

Ilova o‘rnida bir narsani aytib ketmoqchiman, yuqorida yozilgan so‘zlar, o‘z bilim va kuchiga ishonib o‘qishga kirgan va hozirda Borovskiy tibbiyot kollejida tahsil olayotgan ayrim faxrli talabalarga tegishli emas. Qolaversa, haqiqatan ham meditsina sohasida chin yurakdan o‘qishni davom ettirish niyatingiz bo‘lsa, bu o‘qishingizda sizga va kursdoshlaringizga omad tilayman va bu o‘qishni boshqa tibbiyot bilim yurtida davom ettirib, a'lo baholaringiz bilan isbotlay olasiz, degan umiddaman. 

Hurmat bilan,  Xurshid Isroilov”.

Ko‘proq yangiliklar: