«Monako» yana 3 futbolchi sotib oldi

Sport 00:21 / 18.06.2017 12677

Yozgi transferlar vaqtida bir qator yetakchilarini sotishi kutilayotgan «Monako» o‘z tarkibiga yangi futbolchilarni qo‘shib olmoqda. Knyazlik jamoasi 3 futbolchini transfer qilib ulgurdi.

«Volfsburg» darvozaboni Diyego Benalo yangi mavsumdan «Monako» sharafini himoya qiladi. 33 yoshli shveysarilik erkin agent sifatida jamoaga kelgan va 3 yillik shartnomaga imzo chekkan.

«Lion»dan Jordi Gaspar sotib olingan. 20 yoshli futbolchi bilan ham 3 yillik shartnoma tuzilgan.

Uchinchi transfer esa Belgiyadan - «Zulte-Varegem»dan 23 yoshli yarim himoyachi Souaxilo Meyte sotib olingan va u bilan 5 yillik shartnoma tuzilgan. Yakunlangan mavsumda belgiyalik futbolchi jamoasi safida 40 uchrashuv o‘tkazib, bir gol urgan hamda bir golga uzatma bergan. Ushbu futbolchi Leonardu Jardim jamoasida «Chelsi»ga ketishi kutilayotgan Temue Bakayoko o‘rnini egallashi kutilmoqda.

Belgiya klubi safida ushbu futbolchi o‘tgan mavsumda ijara asosida o‘ynagandi, uning transfer huquqi Fransiyaning «Lill» klubiga tegishli edi. Ammo belgiyaliklar 1 iyun kuni uni 300 ming yevro evaziga transfer qilgandi.

Shu tariqa «Monako» yozda sotib olgan futbolchilar soni 4 nafarni tashkil qilmoqda. Bungacha Belgiyaning «Anderlext» klubidan Yuri Tilemans sotib olingandi.

Ko‘proq yangiliklar: