Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev bilan o‘tkir muammoli holatlar yuzasidan maxsus intervyu

INTeRVYu 16:59 / 18.06.2017 79627

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi Qashqadaryo viloyatiga safar uyushtirdi. Mazkur safar davomida viloyatda yuz bergan o‘zgarishlar, olib borilayotgan ishlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklar ham o‘rganildi.

Ana shu yutuq va kamchiliklar, fuqarolar murojaati tahlili va istiqboldagi rejalar yuzasidan viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Jumladan, viloyat hokimi Prezident qabulxonasiga murojaat yo‘llash bo‘yicha Qashqadaryoning yetakchi o‘rinlarda qayd etilayotgani borasida to‘xtalar ekan shunday fikrlarni bildirdi:

“Mustaqillikning 25 yili davomida viloyatda muayyan ishlar amalga oshirildi. Ammo muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan virtual qabulxona hayotimizda o‘z yechimini kutayotgan juda ko‘plab muammolar borligini, aytish mumkinki, odamlarning turmush tarzi jar yoqasiga kelib qolganini ko‘rsatib qo‘ydi. Tan olib aytish lozim-ki, shu paytga qadar oddiy insonlar hayotiga befarq qarab kelingan. Bu holatni viloyat hokimidan tortib, mahalla oqsoqoligacha bo‘lgan rahbarlar ish jarayonida uchratish mumkin edi. Virtual qabulxonaning tashkil etilishi tom ma'noda barcha rahbarlar uchun kelajak rejasini tuzishda ham as qotmoqda.

Ana shunday muammolar uy-joy, yer, sud-huquq masalalarida o‘rtaga chiqmoqda va ularning aksari o‘z yechimini topayapdi. Murojaatlarning aksarida Respublika idoralari bilan bog‘liq kamchiliklar ham chiqib qolyapti. Biz nafaqat mazkur murojaatlar asosida, balki o‘zimizning chekka tumanlarga safarlarimiz chog‘ida ham aholi o‘rtasida mavjud muammolarni o‘z o‘rnida va tezkorlik bilan ijobiy hal etyapmiz. Bu esa odamlar ruhiyatida prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga nisbatan ijobiy munosabatning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda”.

Viloyat hokimi joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning viloyatga safari borasida to‘xtalar ekan, bu tashrif Qashqadaryo viloyati uchun yangi sahifa ochganini ta'kidladi.

“Viloyatdagi juda ko‘plab muammoli masalalar mazkur tashrif davomida o‘z yechimini topayapti. Umumiy qiymati uch trln so‘m bo‘lgan to‘rt mingga yaqin loyiha dasturi ishlab chiqildi. 2017-2018 yil davomida viloyatda jami 50 mingga yaqin muqim ish o‘rni yaratish rejalashtirildi. Bu viloyatning ochilmagan imkoniyatlaridan unumli foydalanish va fuqarolarning ayrim muammolariga yechim topishda turtki bo‘ladi. 

Bundan tashqari, viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘tkir muammolar ham mazkur tashrif davomida o‘z yechimini topdi. Masalan, Qashqadaryo viloyatida qandli diabet bilan kasallanish ko‘rsatkichi ancha yuqori. Raqamlar har yili 30 foizgacha ko‘tarilib boryapti. Viloyatda esa endokrinologiya shifoxonasi mavjud emas. Qurbi yetganlar poytaxtga yoki xorijga chiqib davolanishyapti, ammo imkoni yo‘qlar esa davolanmay, qiynalib yurishgan edi. Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida mazkur yirik muammoni ijobiy hal etib berdi. Bu kabi ishlarga misol qilib yuqumli kasalliklar shifoxonasining yuz foiz ta'mirdan o‘tkazilishi ham keltirish mumkin. Chunki bu ta'mir hech qanday investitsiya dasturlariga kiritilmagan holda, mana shu viloyat uchun alohida g‘amxo‘rlik sifatida amalga oshiriladigan bo‘ldi”.

Viloyat rahbarining ta'kidlashicha, Qashqadaryoda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish vaqti kelgan. Buning uchun aholi ichiga kirib, ularning nima bilan bandligini o‘rganib, ixtisosligi bo‘yicha tijorat banklarining kreditlarini yo‘naltirish, bu orqali aholi turmush farovonligiga erishish mumkinligini aytib o‘tdi.

Aytish mumkinki, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar bugun nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki respublikaning aksari hududlarida og‘riqli muammolardan biri sanaladi. Qashqadaryoda bu holat qanday? Shu haqda viloyat hokimi o‘z fikrlarini izhor etdi:

“Aynan mana shu sohalar bo‘yicha hukumat tomonidan juda katta qadam tashlanmoqda. Elektr energiyasining yetishmasligi aslida birinchi muammo emas, eng katta muammo shundaki, iste'molchi o‘zi ishlatgan elektr haqini o‘z vaqtida to‘lamayotganidadir. Shu bu yil viloyatimizdagi Tolimarjon issiqlik ishlab chiqarish korxonasida 1 mlrd dollarlik loyiha amalga oshirildi. U yerda ayni paytda 900 mgVatt elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu viloyatni yuz foiz elektr energiyasi bilan ta'minlash deganidir. So‘nggi oylarda elektr energiyasi sohasi doirasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyatda 2 ta podstansiya qurib bitkazildi, bundan tashqari, 200 ga yaqin qo‘shimcha transformatorlar ham o‘rnatildi. 

Toza ichimlik suvi muammosi ham Qashqadaryo viloyatiga begona bo‘lmagan kamchiliklardan biri. Bu, ayniqsa, viloyatning cho‘l tumanlarida juda o‘tkir muammo hisoblanadi. Ochig‘ini aytganda, olib borilayotgan ishlar umumiy hisobda viloyat aholisining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish uchun yetarli bo‘lmayapti. Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida mazkur muammoga alohida to‘xtalib o‘tdi. Davlatimiz tomonidan joriy yilning aprel oyida qabul qilingan “Qarshi shahri va Qarshi shahri atrofidagi tumanlarni toza ichimlik suvi bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi qarori o‘rganib chiqildi. Turli vazirliklar bilan kelishgan holda qonun ijrosini amalga oshirish maqsadida ishchi guruh ham tuzildi. Kelajakda viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash borasida juda katta o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, 2017 yilda Qarshi shahri va shahar atrofidagi tumanlarni toza ichimlik suvi bilan ta'minlash holati sezilarli ravishda o‘zgaradi.

Ayni damda toza ichimlik suvini noqonuniy ravishda qiymatini oshirib sotayotgan insonlarga nisbatan ham alohida choralar ko‘riladi. Nega deganda viloyatda bir tonna suvning narxi 1550 so‘m. Bu yilning istalgan mavsumida o‘zgarmaydigan narxdir”. 

Viloyat rahbari Zafar Ro‘ziyev suhbat davomida Qashqadaryo sog‘liqni saqlash tizimi faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi:

“Viloyatdagi qishloq vrachlik punktlarida akusher-ginekologlarning yo‘qligi juda katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. Nega deganda o‘smir qizlar o‘zlarini shifokorga ko‘rsatishdan uyalishadi. Bu albatta, mintaletitga xos bo‘lgan jihat. Bu esa so‘nggi paytlarda qishloq qizlarida bepushtlik kasalligining keng yoyilishiga sabab bo‘lmoqda. Ana shu muammolarning oldini olish maqsadida qishloqlardagi oilaviy poliklinikalar zamonaviy va ehtiyojga zarur bo‘lgan tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda va odamlar orasida tibbiy madaniyatni oshirish bilan bog‘liq ishlar muntazam ravishda olib borilmoqda”.

Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev bilan bo‘lib o‘tgan suhbat samimiy ruhda kechdi. Intervyu davomida juda ko‘plab masalalarga to‘xtab o‘tildi. Kelajakdagi rejalar va viloyat istiqbolida kutilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashildi. Aytish mumkinki, yaqin vaqtlar ichida viloyatning har bir sohasida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirish belgilab qo‘yilgan va bu aholi turmush tarziga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi tabiiy.

Mazkur intervyuning to‘liq ko‘rinishini Kun.uz’nin YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (Tas-IX)

 

Ko‘proq yangiliklar: