Poytaxt maktablarida 11 yillik ta'limga qaytish yuzasidan maxsus so‘rovnoma o‘tkaziladi

O‘zbekiston 04:23 / 18.06.2017 27828

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi asosida 17 iyun kuni O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi binosida mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov Xalq ta'limi vaziri U.Inoyatov, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziri R.Qosimov, O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi Markazi direktori M.Xolmuxamedov, Toshkent shahar hokimi R.Usmanov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda 18 iyun kuni Toshkent shahri maktablarida 10-11-sinflar ochilishi yuzasidan ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilishi ma'lum qilindi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, kollej va akademik litseylar ham saqlab qolinadi. 9-sinfni tugatayotgan bitiruvchi kelgusidagi ta'lim yo‘nalishini ixtiyoriy tanlashi mumkin bo‘ladi. Ayrim kollejlarda oshpaz, chevar, sartarosh, haydovchi, g‘isht teruvchi, bo‘yoqchi va shu kabi qisqa muddatli kasblarga qabul bo‘lmaydi. 

Ushbu yig‘ilishni o‘tkazishiga va mazkur g‘oyaning ilgari surilishiga Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 78-umumta'lim maktabini borib ko‘rishi va ushbu maktabda tajriba sifatida 11 yillik ta'limni qayta tiklash, uning qoshida o‘quv-kasb korxonasi tashkil etish zarurligini ta'kidlashi turtki bo‘ldi.

«Yuqori sinflarda bolalar shaxs bo‘lib, jamoa bo‘lib shakllanadi. Ayni o‘sha paytda ularni o‘zlari o‘rgangan muhitdan ajratib qo‘ymaslik kerak. Bu yoshlarning ruhiyatiga, davomatiga, oxir-oqibatda ta'lim-tarbiyasiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Shu bois ta'lim jarayonining uzluksizligini ta'minlash, o‘quv dasturlarini takomillashtirish zarur», — degan edi Prezident mazkur tashrif davomida.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 16 iyun kuni poytaxtning Uchtepa tumaniga tashrif buyurgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: