Prezidentning majburiy ijro byurosini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori e'lon qilindi

O‘zbekiston 23:07 / 17.06.2017 62997

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori 15 iyun kuni imzolandi va bugun matbuotda e'lon qilindi.

Qaror matniga ko‘ra, Prezidentning 2017 yil 29 maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5059-son Farmoniga muvofiq:

• Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasining tuzilmasi;

• Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom va uning Kuzatuv kengashi tarkibi;

• O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
• Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi Direktsiyasi xodimlarining yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlari tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga Jamg‘arma tuzilmasiga o‘zgartish kiritish, shu jumladan, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha shtatlar joriy etish huquqi berilmoqda.

Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi (davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida g‘azna hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.

Jamg‘armani boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari boshqaradigan Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Kuzatuv kengashi tarkibiga lavozimiga ko‘ra Oliy sud raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimlari, moliya va adliya vazirlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori, Jamg‘armaning ijro etuvchi direktori, shuningdek, boshqa mas'ul shaxslar ham kiradi.

Jamg‘armaning joriy faoliyatiga, shu jumladan, mablag‘lar to‘planishi va sarflanishiga rahbarlik Jamg‘arma Kuzatuv kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimdan ozod qilinadigan ijro etuvchi direktor boshqaradigan Jamg‘arma Direktsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, Byuro xodimlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ustama va qo‘shimcha to‘lovlardan tashqari, har chorak yakuni bo‘yicha mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi uchun Byuro direktori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan Byuro xodimlari faoliyatini baholashning reyting tizimiga muvofiq belgilanadigan, quyidagi miqdorlardagi rag‘batlantiruvchi to‘lovlar beriladi:

70 balldan 80 ballgacha to‘plagan xodimlarga — lavozim maoshiga 50 foiz;

80 balldan 90 ballgacha to‘plagan xodimlarga — lavozim maoshiga 100 foiz;

90 balldan 100 ballgacha to‘plagan xodimlarga — lavozim maoshiga 200 foiz.

Ko‘proq yangiliklar: