Ehtiyojmand kishilar holidan xabar olingan jamiyatning tinchligi bardavom bo‘ladi

Jamiyat 19:25 / 17.06.2017 8040

Mana, oylar sultoni, fayz va baraka, rahmat va mag‘firat oyi bo‘lgan Ramazon kunlari birin-ketin o‘tib bormoqda. Bu yilgi Ramazon oyi o‘lkamizda o‘zgacha shukuh bilan kutib olindi va mo‘min-musulmonlar emin-erkinlikda Ramazon ro‘zasini tutib, kechalari taroveh namozlarini qoim qilmoqdalar. Bu ibodatlarni tinchlik va xotirjamlikda bajarish katta ne'matdir. Bularning ortida yurt tinchligi, hukumat tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvar siyosat yotadi.

Ramazon oyida badaniy ibodatlar bilan bir qatorda ijtimoiy sohada ham ko‘plab ezgu amallar bajariladi, moliyaviy ibodatlar amalga oshiriladi. Jumladan, bu oyda mehr-muruvvat, xayr-saxovat ishlari yanada rivoj oladi. Kishilar bu oyda boshqa oylardagiga qaraganda saxovatpeshalikni ko‘proq namoyish qilib, beva-bechoralar, miskin va kambag‘allar holidan xabar olib, jamiyatning bu toifasiga ham alohida e'tibor berilishini ta'minlaydilar. Qaysi jamiyatda beva-bechoralar, kambag‘al va miskinlar, zaif kishilar holidan xabar olinar, ularning moddiy va ma'naviy ta'minoti bekamu-ko‘st qilinar ekan, o‘sha jamiyatning tinchligi bardavom bo‘ladi, iqtisodi va boshqa sohalari rivoj topadi. Zero o‘sha bechorahol kishilar yaxshilik qilgan shaxs yoki tashkilot haqiga duo qiladi. Bu duo Alloh dargohida qabul qilinadi.

Ramazon oyida boshqa oylardagiga nisbatan saxovatga alohida e'tibor berilishi bejiz emas. Sababi bu oyda qilingan amalga juda ko‘p mukofot beriladi. Alloh O‘zining yo‘lida qilingan sadaqa va infoq yetti yuz barobargacha ko‘paytirilishi Kalomida bayon qilgan. Ramazon oyida esa bu miqdor yanada oshirilishi shubhasiz. Saxovat ko‘rsatayotgan kishining ixlosi va qalbidagi ezgu niyati olinajak ajrni yanada ziyoda qiladi.

Ramazondagi xayr-saxovat ishlari turli ko‘rinishlari qilinishi mumkin. Masalan, kam ta'minlangan oilalarga moddiy tomondan yordam qilish, qarovsiz qolganlar, xususan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, bemor va qariyalar holidan xabar olish mumkin. Yoki kishilar hojati tushadigan narsalar, masalan, ko‘chalarni asfalt qilish, ko‘prik va kerakli binolarni qurish, qayta ta'mirlash ishlari ham saxovatpesha insonlar tomonidan amalga oshiriladi. Bu ishlar yil bo‘yi qilinishi yaxshi. Ammo muborak Ramazon oyida bunday ezgu ishlarga alohida e'tibor qaratish lozim sanaladi.

Moddiy tarafdan qodir bo‘lgan boy-badavlat, ayni paytda saxiy, qo‘li ochiq kishilar mehr-saxovat ko‘rsatish bilan qalbi o‘ksik, mehrga muhtoj kishilar diliga olam-olam quvonch bag‘ishlaydilar. Yaxshilik ko‘rganlar asosan ularga ko‘rsatilayotgan alohida e'tibordan, mehr-muruvvatdan ko‘ngillari shod bo‘ladi. Zero, moddiy narsalar tezda esdan chiqishi mumkin, biroq bir kalima shirin so‘z va iliq tabassum xotiralarda yillar davomida saqlanib qoladi. Shu ma'noda moddiy jihatdan qodir bo‘lganlar xayr-saxovat ishlarini o‘z o‘rnida qilganlari ham yaxshi. Ammo asosiysi bu oyda bir-biriga mehr ko‘rsatish, o‘ksigan ko‘ngillarga umid bag‘ishlash, ularni xursand qilish, noumid qalblarga ishonch va quvonch olib kirishdir. Zero Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida: “Birodaring yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqadir”, deganlar. Biz sadaqani faqat moddiy mol-mulk shaklidagina tushunmasligimiz kerak. Sadaqa va saxovat ishlar keng ma'noli bo‘lib, inson hayotining hamma jabhalarini qamrab oladi. Masalan, ota-onaga yaxshilik qilish, ayoliga muloyimlik bilan muomalada bo‘lib, farzandlariga shafqat ko‘rsatish ham saxovatning ko‘rinishlaridandir. Mohi Ramazon oylarida mana shu kabi ishlarga alohida e'tibor qaratsak, jamiyat a'zolarining o‘zaro totuvligini ta'minlashga, tinchlik va xotirjamlik davomli bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Saxovat ko‘rsatgan, bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lgan bandalardan Alloh taolo rozi bo‘ladi. Tinchlik va xotirjamlik hukm surgan bu mustaqil diyorda farovon hayot kechirib, Allohning amrlarini bajarish orqali U Zotning roziligiga erishish ulug‘ baxtdir. Bu baxt har birimizga nasib etsin!

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Shayhontohur tuman bosh imom-xatibi

Ko‘proq yangiliklar: