Antoniu Guterrish O‘zbekistonga safarini yakunlab, Qirg‘izistonga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston 09:51 / 11.06.2017 11273

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga tashrifi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safar uyushtirgandi. Facebook’dagi UN Uzbekistan sahifasining xabar berishicha, BMT bosh kotibining O‘zbekistonga birinchi safari o‘z yakuniga etdi va u Qirg‘izistonga yo‘l oldi.

Antoniu Guterrish O‘zbekiston hukumati va xalqiga yuksak darajadagi qabul uchun o‘z minnatdorligini bildirib, safar dasturining keyingi manzili tomon yo‘l oldi.

BMT bosh kotibi Nukusda Orol dengizi va uning atrofidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotida bo‘ldi. 

BMT Bosh kotibiga Orol dengizining bugungi ahvoli va mintaqadagi ekologik holat haqida so‘zlab berildi. Bir vaqtlar mavj urib turgan dengizning suvi keyingi 50-55 yilda 15 martadan ziyod kamayib, suv sathi 29 metrga pasaygani, hududda 5,5 million gektar tuzli qum maydonlari hosil bo‘lgani qayd etildi. Bu holat mintaqa tabiati, odamlar hayoti, o‘simliklar va hayvonot olamiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Dengizning qurigan hududida 350 ming gektarga iqlimga mos qandim, cherkes, saksovul ekilib, tuzli chang-to‘zon ko‘chishining oldi olinmoqda. 

Antoniu Guterrish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamrohligida Orol dengizi akvatoriyasiga bordi. Mo‘ynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni”ni ko‘rdi, jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. BMT tomonidan hududda amalga oshirilayotgan loyihalar samaralari bilan tanishdi. 

U shuningdek, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san'at muzeyida bo‘ldi va uning eksponatlarini ko‘zdan kechirdi.

Guterrish Qirg‘izistondan keyin Tojikistonga boradi.

Ko‘proq yangiliklar: