2017 yilning 31 mayida Markaziy bankka YaUPM va YaXPM rahbariyati taklif qilinib, bir oy muddat ichida Uzcard va GlobUzCard – ikki to‘lov tizimining birgalikda faoliyat olib borishini ta'minlash talabi qo‘yildi, deb xabar bermoqda Uzcard axborot xizmati.
“Birgalikda faoliyat yuritish” tushunchasi ostida bir tizimning kartalarini boshqa tizim terminal tarmog‘iga qabul qilinishi nazarda tutilgan edi.
Ta'kidlash zarurki, bir to‘lov tizimi kartalarini boshqa tizim tomonidan qabul qilinishini ta'minlash uchun axborot tizimlarining to‘liq majmuini ishlab chiqish talab etiladi. Jumladan:
˗ shifrlash va ma'lumotlarni uzatish jarayoni, turli to‘lov tizimlarining shifrlash kalitlarini saqlash va foydalanish, ikkala tizimni ham PCI-DSS axborot xavfsizligi standartlariga muvofiqlik bo‘yicha sertifikatsiyadan o‘tkazish;
˗ plastik kartalar emissiyasi bazasini yangilash va banklarning mavjud mijozlari uchun qaytadan kartalarni ishlab chiqarish;
˗ tizimning barcha jabhalarida, ya'ni kartochka chipidagi ilova va terminal qurilmasi dasturidan boshlab, ma'lumotlar bazalarini boshqarish tizimlari, moliyaviy o‘zaro hisob-kitoblar uchun ma'lumotlarni shakllantirish va saqlashgacha dasturiy ta'minotni oxiriga yetkazib qo‘yish va qayta sozlash;
˗ to‘lov tizimlarining barcha ishtirokchilari va foydalanuvchilarining turli darajalardagi o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati uchun aloqaning yangi kanallarini qurish;
˗ elektron tijorat, jumladan, mobil ilova va elektron to‘lovlar portallari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlarini qayta ishlab chiqish va o‘zgartirish;
˗ hamkorlikda ish olib borishning iqtisodiy samaradorligini hisoblab chiqish hamda tegishli narx siyosatini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish.
O‘zining faoliyatdagi protsessing markazi bo‘lmagani, hali biron bir karta chiqarilmagani va terminal o‘rnatilmagani sababli GlobUzCard tizimi uchun yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarni bajarish qiyinchilik tug‘dirmasligi mumkin. Uzcard tizimida esa allaqachon qariyb 20 mln. karta va 230 mingta terminal uskunasi ish olib bormoqda. Uzcard tizimi ishtirokchilari va foydalanuvchilari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro mustahkam munosabatlarning o‘zgarishi uning ish faoliyatida to‘xtalishlar bo‘lishi ehtimoli va pirovardida foydalanuvchilarning asosli noroziliklarini yuzaga kelishini e'tibordan chetda qoldirmagan holda, tizimni tubdan qayta qurish zaruratini keltirib chiqaradi, deyiladi Uzcard xabarida.
Qolaversa, ushbu jarayon mablag‘ va intellektual jihatdan sezilarli darajadagi sarf-xarajatlarni talab qiladi.
Shu tariqa, ikki tizimning birgalikda faoliyat olib borishini ta'minlash talabi bir tomondan bir oydan ko‘ra ancha ko‘p vaqt talab qilsa, boshqa tomondan tizimga shoshma-shosharlik va yaxshi tayyorlanmasdan o‘zgartirish kiritilishi jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Yuqoridagilarga qo‘shimcha sifatida asosli savol tug‘iladi. GlobUzCard tizimi uning faoliyati uchun Uzcard tizimi resurslari talab qilinayotgan bo‘lsa, unga raqobatchi bo‘la oladimi?
Va, umuman, foydalanuvchilarga muayyan bir foyda keltirmaydigan bo‘lsa, sarf-xarajatlar evaziga ishlab turgan tizimni o‘zgartirib, boshqa logotip bilan yangi kartalarni ishlab chiqarishdan nima naf?
Eng muhimi, modomiki, GlobUzCard na to‘lovlarni boshqarish tizimi (protsessing markazi), na mijozlarning ma'lumotlar bazasi va na to‘lovlarni qabul qilish tarmoqlariga ega emas ekan, mazkur tizimlarning birgalikda faoliyat olib borishini qanday tashkil qilish mumkinligi tushunarsiz, deya yakun yasalgan Uzcard xabariga.