Niderlandiyada Hyperloop tizimining sinov quvuri namoyish qilindi

Fan-texnika 09:00 / 02.06.2017 6481

Niderlandiyada jurnalistlarga Hyperloop tezyurar transport tizimini sinash uchun qo‘llanadigan sinov majmuasi namoyish qilindi.

Delft texnika universiteti hududida joylashtirilgan sinov qurilmasi o‘zidan uzunligi 30 metr va diametri 3,2 metrlik po‘lat quvurni aks ettiradi. U quvur ichida vakuumda vagon-kapsulaning harakatini ta'minlovchi tizimlarning past tezliklarda sinalishi uchun ishlatiladi. Tizimni ishlab chiqayotgan kompaniyada keyinroq uzunroq sinov majmuasini qurish rejasi bor. Bu majmua kapsula burilishlar va yo‘lning ayrilish joylaridan yuqori tezlikda qanday o‘tishini tekshirishga imkon beradi.

Niderlandiyada Hyperloop transportini qurish bo‘yicha loyihani amalga oshirayotgan Hardt Global Mobility kompaniyasi keyingi 4 yil davomida mamlakat ichidagi ikki shaharni bog‘laydigan birinchi tarmoqni qurmoqchi.

Hyperloop g‘oyasi ilk bor 2013 yilda SpaceX kompaniyasi va uning egasi, tadbirkor Ilon Mask tomondan taklif qilingan. Vakuum texnologiyalarining magnit levitatsiya bilan birgalikda qo‘llanishi hisobiga yo‘lovchilar yoki yukka ega kapsulaning quvur ichida harakatlanishida 1200 km/soat tezlikka erisha olishi taxmin qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: