WannaCry virusi hujumiga xitoy zabonlilar aloqador bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilindi

Fan-texnika 20:40 / 30.05.2017 3926

Flashpoint kompaniyasi tahlilchilari WannaCry virusini qo‘llagan holda uyushtirilgan kiberhujumga xitoy tilida so‘zlashuvchilar aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishdi.  

Virus bilan zararlangan kompyuterlarda tovon puli to‘lash haqida paydo bo‘lgan yozuvlarni tahlil qilgan mutaxassislarning fikricha, xabarlardan faqat ingliz va xitoy tilidagilari Google Translate tarjimonisiz tuzilgan.  

Bu xabarlarning muallifi ko‘rinishicha ingliz tilini biladi, biroq u tomondan yo‘l qo‘yilgan xatolar ingliz tili uning ona tilisi emasligiga ishora qilmoqda.

Shu bilan birga xitoy tilidagi xabar to‘g‘ri tuzilgan va bu holat xabarning muallifi xitoy zabonli ekanligi yoki unda yaxshi gaplashishidan darak beradi. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, xitoy tilidagi xabarda "hafta" so‘zining shevadagi shakli uchraydi. Ushbu sheva Xitoyning janubida, Hongkong, Tayvan va Singapurda qo‘llanadi.  

Flashpoint tahlilchilarining aniqlashicha, qolgan 26 tildagi xabarlar uchun ingliz tilidagi matn asos qilib olingan.

WannaCry tovlamachi-virusi qo‘llangan kiberhujum 12 mayda sodir etilgan. Interpol ma'lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 150 ta davlatda 200 mingdan ko‘proq kompyuter zararlangan. Virus kompyuterdagi barcha fayllarni shifrlab, ularni yana avvalgi holatiga qaytarish uchun bitkoinlarda 300 dollarga teng pul to‘lashni talab qilgan.   

Rossiyaning "Laboratoriya Kasperskogo" kompaniyasi mutaxassislari virusni Lazarus xakerlik guruhidagi shimoliy koreyalik xakerlar yaratgan bo‘lishlari mumkinligini taxmin qilishgan. 2016 yil fevralida Bangladesh markaziy bankidan 81 mln dollar o‘g‘irlanishi ushbu guruh zimmasiga yuklanib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: