VKontakte ijtimoiy tarmog‘i o‘z tizimlari va ilovalaridagi xizmatlarda nuqsonlarni aniqlagan kiberxavfsizlik mutaxassislariga 148 ming dollar haq to‘ladi. Bu haqda ijtimoiy tarmoq matbuot xizmati xabar qilmoqda.
«VKontakte ijtimoiy tarmog‘i 2 yil mobaynida nuqsonlarni topish bo‘yicha HackerOne dasturi doirasida axborot xavfsizligi bo‘yicha 292 nafar mutaxassisga 148 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘ladi», - deyiladi xabarda.
HackerOne platformasi ekspertlarga kompaniyalarni topilgan zaifliklardan ogoh etib, buning uchun haq olishga imkon beradi. VKontakte ijtimoiy tarmog‘idan tashqari, bu dasturdan Adobe, Dropbox, Snapchat, Twitter va Uber kabi tashkilotlar ham foydalanadi.
2015 yil mayidan buyon VKontakte 3 mingdan ortiq hisobot olgan, ulardan 385tasi foydali bo‘lib chiqqan. Mukofot puli esa, zaiflikning jiddiyligiga ko‘ra aniqlanadi. Shu bilan birga, u xatolik xususida ma'lum qilgan ilk mutaxassisga to‘lanadi. Mazkur xizmat uchun eng kam to‘lov 100 dollar hisoblanadi.