Chin davlati uzoq yillardan beri o‘z ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bo‘yicha boshqa davlatlarni ortda qoldirib, jahonda yetakchi pozitsiyaga ega bo‘lish uchun kurashib keladi.
Natijada, mamlakat gigant zavod va fabrikalardan chiqayotgan tutundan bo‘g‘ilib qolgan. Tezroq nimadir qilib, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish zaruriyati paydo bo‘lgan edi.
Shu kunlarda Xitoy hukumati suvda suzuvchi jahondagi eng yirik quyosh elektrostansiyasi foydalanishga topshirib, mahalliy elektr tarmog‘iga ulanganini e'lon qilishdi.
Anxoy provinsiyasi Xuaynan shahri yaqinida joylashgan yangi suzuvchi elektr stansiyasi 40 megavatt quvvatga ega va Sungrow Power Supply Co kompaniyasi injyenerlari tomonidan ishlab chiqilgan. Bu voqeada qiziqarli tomoni shundaki, elektr stansiyasi bir vaqtlar ko‘mir koni bo‘lgan ko‘lda barpo etilgan va u kondagi ko‘mirlar atmosferani ifloslantiruvchi issiqlik elektr stansiyalarida yoqilgan. O‘tgan yili Xitoy suvga 20 megavattli elektr stansiyasini tushirgan edi, biroq Chin yurti yaqin yillarda bunday inshootlar sonini faol ravishda ko‘paytirishni rejalashtirgan.
Suzuvchi elektr stansiyalar unikal dizayni va ularni joylashtirish uchun yer uchastkasi talab etilmasligi tufayli tobora ommalashib bormoqda. Boz ustiga, bunday stansiyalar suv bug‘lanishini ham sekinlashtiradi, olimlar buni ham ekologiya uchun foydali, deb hisoblashmoqda. Dengiz yoki okean sathidagi past harorat fotoelektrik panellarni sovutishda asqotadi va ulardan uzoq muddat foydalanishga zamin yaratadi.
2020 yilga kelib Xitoy umumiy iste'molda quyosh elektr stansiyalaridan olinadigan energiya ulushini 20 foizga yetkazishni maqsad qilgan.