Google korporatsiyasi foydalanuvchilarining internetdagi faolligini kuzatib, ularning tanlovlariga doir axborotni yig‘adi. Foydalanuvchining saytlarda qanday reklamalarni ko‘rishi uning qidiruv tizimida nimalarni izlashi va qanday tovarlarni xarid qilishiga bog‘liq. Biroq endi internet-gigant bu tajribani jahon "o‘rgimchak to‘ri"dan tashqarida ham qo‘llashga qaror qildi - bundan keyin Google nafaqat onlayn ma'lumotlarni, balki offlayn-xaridlarga oid xabarlarni ham to‘playdi.
CNN telekompaniyasida xabar qilinganidek, bu korporatsiyaga foydalanuvchi tarmoqdagi reklama baneridagi xabardan keyin ko‘chadagi do‘kondan u yoki bu tovarni xarid qildimi yoki yo‘q - shuni aniqlashga yordam beradi. Google'ning AQShning kredit va debet kartalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi moliyaviy kompaniyalari bilan tuzgan shartnomasi tufayli shunday imkoniyat paydo bo‘ldi.
Shartnomaga muvofiq, Amerika fuqarolarining taxminan 70 foiz tranzaksiyalari haqidagi shifrlangan ma'lumot Google'ga kelib tushadi, shundan so‘ng avtomatik ravishda tarmoqdagi reklama e'loni kliklari bilan taqqoslanadi. Shu tariqa, Google AdWords reklama servisidan foydalanuvchi kompaniya mijozning tovarni qo‘lga kiritishga oid qaroriga reklamaning ta'siri bo‘ldimi yoki yo‘q - bilib olishi mumkin.
Avvallari bunday ma'lumot faqat internet-savdoda qo‘llanardi. Foydalanuvchi onlayn hech narsa xarid qilmasa, reklama beruvchilar unga ketgan pulni bejiz sarflangan degan xulosaga kelishardi.
Korporatsiyada ta'kidlanishicha, bunday tajriba fuqarolar hayotiga hech qanday tahdid solmaydi.