Autonews sayti tahlilchilari oxirgi yillarning (2009-2017 yillar) eng xavfsiz avtomobillari reytingini tuzishdi.
Reyting haydovchi va katta yoshli yo‘lovchining, kichik yoshli yo‘lovchining himoyalanganligi, piyoda xavfsizligi ta'minlanganligi va mashinadagi xavfsizlik qurilmalarini baholash asosida tuzildi.
Unga ko‘ra, 2009 yilning eng xavfsiz mashinasi Honda Insight bo‘lgan. Tahlilchilar mashinada haydovchi va katta yoshli yo‘lovchi 96 foizga, kichik yoshli yo‘lovchi 84 foizga himoyalangani, piyoda xavfsizligi 34 foizga ta'minlangani va mashinadagi xavfsizlik qurilmalari 71 foizni tashkil qilishini o‘rnatishgan. Yakuniy hisobda 2009 yilgi reyting yetakchisi 326 foiz to‘plagan.
2010 yil uchun BMW 5 Series eng xavfsiz mashina deb topildi. Uning yuqoridagi ko‘rsatkichlari mos ravishda 100, 78, 83 va 95 foizni tashkil qilgan.
2011 yilning eng xavfsiz mashinasi Chevrolet Aveo deb tan olingan. Biroq biror bir ko‘rsatkich bo‘yicha u 1-o‘rinni egallamagan.
2012 yilning eng xavfsiz mashinasi Volvo V40V bo‘lgan, uning natijasi 361 foizni tashkil qilgan.
2013 yilda 340 foizlik ko‘rsatkich bilan Qoros 3 Sedan eng xavfsiz mashina deb tan olingan.
2014 yilda Mercedes-Benz V-Class (332 foiz), 2015 yilda Volvo XC90 (356), 2016 yilda Toyota Prius (336 foiz) eng xavfsiz mashinalar deb topilgan.
Nihoyat, joriy yilning eng xavfsiz mashinasi Volvo S90/V90 bo‘ldi, uning ko‘rsatkichlari mos ravishda 95, 80, 76 va 96 foizga baholangan.