O‘zbekistonda soniyasiga 200 gigabitlik internet – afsona bo‘lmaydi

Fan-texnika 18:40 / 17.05.2017 28518

17 may kuni Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. “Xalqaro elektraloqa va axborotlashtirish jamiyati kuni” mavzusida bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda “O‘zbektelekom” AK bosh direktori Shuhrat Qodirov, klub a'zolari va OAV vakillari ishtirok etdi. E'tiborli tomoni shundaki, sessiya Press-klub tarixida ilk marotaba “O‘zbekiston” va “O‘zreport” telekanallari orqali jonli efirda uzatildi. 

Sessiyada ma'lum qilinishicha, 2016 yilda xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi (provayderlar uchun) 26,3 Gbit/soniyaga, 2017 yilda esa 65,7 Gbit/soniyaga yetkazildi. Shuningdek, ulanish tezligini soniyasiga 200 gigabitga yetkazish loyihalari amalga oshirilmoqda. 

Bu raqamlarning mohiyatini so‘nggi bir yil ichida respublikada internet foydalanuvchilari sonining keskin ko‘tarilib ketishi bilan bog‘lash mumkin. Jumladan, ayni paytda, O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari soni  14,7 mln kishini tashkil qiladi. 2016 yil bilan solishtirganda, o‘sish 2.6 mln abonentni tashkil qiladi.

Internet narxi masalasida – 2013 yilda provayderlar uchun tashqi internet kanallariga ulanish narxi 1 Mbit/s uchun 422 AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 4 yil davomida bu narx muntazam pasaytirilib, bugungi kunda 1 Mbit/s uchun 67,85 dollargacha kamaygan. 

Internetdan foydalanishni arzonlashtirishning muhim sharti – milliy kontentni rivojlantirishdir. UZ domenidagi saytlar soni yil boshiga nisbatan 7,4 foizga ko‘payib, 32,5 mingga yetgan.

Ko‘proq yangiliklar: