Ilk marta. Andijondagi kinostudiya dolzarb mavzuda to‘liq metrajli film suratga oldi

Jamiyat 19:50 / 16.05.2017 76763

Andijondagi “Orom” studiyasi tomonidan “Kim aybdor?” nomli kinofilm suratga olinib, shu kunlarda markaziy televideniye orqali keng ommaga taqdim etilishi kutilmoqda. Premera oldidan asar ssenariy muallifi va rejissyori Rafiqjon Isaqov bilan uchrashdik.
 
- Rafiqjon ko‘p yillardan beri vodiy telekanallariga mualliflik videoko‘rsatuvlari tayyorlab borasiz. Sizda kinofilm olish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

- Darhaqiqat, uzoq yillik faoliyatim davomida ko‘plab, videofilm, sahnalashtirilgan turkum videopostanovka va kliplarni suratga oldim. Orzuim, insonlarni ezgulikka chorlovchi kinofilm yaratish edi. Ikki yil davomida yoshlar hayotini aks ettiruvchi tarbiyaviy ahamiyatga ega ssenariy yozish ustida ishladim. 

Hozirgi zamon yoshlarining aksariyati bilim olishga chanqoq va zamonaviy tafakkur egasi bo‘lsada, ming afsuski, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ular orasida yot g‘oyalar ta'sirida o‘z Vatanidan voz kechib, sarob g‘oyalarga ergashganlari ham uchrab turibdi. Hayotda kechayotgan jarayonni o‘rganib, o‘zi bilmagan holda aldanib qolayotgan yoshlarga ibrat bo‘luvchi ssenariyni bitkazdim. Kinofilm olishga bel bog‘lab, viloyat hokimligiga murojaat qildim. Viloyat hokimligidagi mutasaddi kishilar qoralamalarimni o‘qib chiqib, dolzarb mavzuga qo‘l urganligimni bildirishdi va kinofilm olish uchun mablag‘ va barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Buning uchun ularga o‘zimning minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman.  
    
- Kinoasar mazmuni haqida to‘xtalib o‘tsangiz? 

- Filmda yoshlar o‘rtasidagi muammoli holatlar tasvirga olingan bo‘lib, Vatan tuyg‘usi, milliy qadriyatlarimiz ulug‘lanadi. Shu bilan birgalikda asarda o‘tkir syujyetli sahnalar ham mavjud. Yosh kelajagi porloq bo‘lgan ikki yigit jamoatchilik nazaridan chetda qolib, pul ishlash maqsadida chet elga chiqib ketadi, lekin ularga mablag‘ beruvchi manfur kishilarning asl maqsadi ne ekanligini kech anglaydi. Filmning asl mohiyati - farzand tarbiyasida ota-ona, o‘quv dargohlari, mahalla, keng jamoatchilikni o‘rni kattaligi haqidadir. Unda kechadigan barcha sahnalarni esa ekrandagi namoyishda ko‘rgan ma'qul.  
  
- Filmda rollarni ijro etgan aktyorlar haqida ma'lumot bersangiz?
  
- Tomoshabin ekranda vodiyning taniqli teatr aktyorlari bilan birgalikda yosh ijrochilarni ham ko‘radi. Bosh rollarni Andijon viloyat Bobur nomli drama teatrining tajribali aktyor hamda aktrisalari – Hosil Egamberdiyev, Mavluda Boymatova va Muruvvat Qodirovalar bilan birgalikda, Ravshan Rafiqov, Ilhom Musayev, Mahliyo Otaboyeva singari yosh san'atkorlar ijro qilishgan. 

      
Dublyaj jarayoni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida olib borildi. Bahriddin Mingboyev jarayonga bosh-qosh bo‘ldilar. Ovoz rejissyorlari Alimardon Qilichev va Nurbek Norxonovlar ham yaqindan yordam berishdi. Ovozlantirishda taniqli san'atkorlar Bekzod Muhammadkarimov, Barno Qodirova va Hoshim Arslonovlar ishtirok etdi. 

Hozirda, Yutubdagi “Orom” studiyasi kanaliga filmdan olingan lavhalardan iborat rolikni joylashtirdik. 

Kinofilmning premerasi shu kunlarda Markaziy telekanallarda bo‘lib o‘tadi.  

- Suhbat uchun tashakkur!

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: