Plastik kartochkadan naqd pul yechish...hamon muammo

Jamiyat 17:21 / 25.04.2017 68543

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning barcha jabhasida islohotlar o‘tkazilmoqda. Bular ijtimoiy-siyosiy, jamiyat boshqaruvi, moliya-iqtisod, madaniy-gumanitar sohalarning barchasini birdek qamrab olmoqda. Shu o‘rinda, inson turmushida hayotiy muhim rol o‘ynaydigan pul muomalasi bilan bog‘liq muammolar ham hukumat e'tiboridan chetda qolgani yo‘q. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, shuningdek, “Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari fikrimiz isbotidir. 

Unga muvofiq, 2017 yilning 1 martidan boshlab chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar aholidan to‘lovlar plastik kartochkalar yordamida qabul qilinishini ta'minlaydigan, o‘rnatish majburiy bo‘lgan hisob-kitob terminallarini o‘rnatmagan taqdirda o‘z faoliyatlarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmasligi belgilangan edi. Biroq, 1 martdan keyin ham oradan deyarli 2 oy o‘tganiga qaramay, bu qaror ijrosi to‘la bajarilgan, deya olmaymiz. 

Garchi, Markaziy bank rais o‘rinbosari Shoxruh Shoahmedov Toshkentning “Media Xoll” majlislar zalida Harakatlar strategiyasining birinchi chorak natijalariga bag‘ishlangan anjumanda “1 martdan hamma joyda terminal ishlayotgani"ni quvonch bilan qayd etgan bo‘lsa-da, aslida unday emasligini barcha juda yaxshi anglaydi. Balki, Shoahmedovning “O‘rikzor”, “Abu-Saxiy”, “Chilonzor” buyum bozorlaridagi haqiqiy ahvoldan xabari yo‘qdir. Mayli bu masala, boshqa maqola mavzusi.

Kun.uz tahririyati plastik kartochkalarga xizmat ko‘rsatish darajasi, sifatini baholash maqsadida jurnalistik surishtiruvini o‘tkazishga qaror qildi. Shu maqsadda, Toshkent shahrining turli nuqtalarida aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Ipoteka”, “Ipak yo‘li”, “Davr”, “Xalq banki” va “O‘zsanoatqurilishbank” ATBlarining shoxobchalariga murojaat qildi. 

Maqsad bank plastik kartochkasidan (bankomatlardan emas, bank kassasi orqali) naqd pul yechib olish masalasiga oydinlik kiritish edi.

Tekshiruv jarayonida shu narsa aniq bo‘ldiki, hamon birorta bankdan o‘zingiz mustaqil ravishda kassaga uchrashib (axir, bankomatlar yo‘q-da), o‘z bank plastik kartochkangizni shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bilan taqdim qilgan holda ham naqd pul ololmaysiz. Buning uchun “yuqoridagi” rahbarning ruxsati kerak bo‘ladi. 

Yana bir taajjublanarli tomoni shuki, bir bank muomalaga kiritgan plastik kartochkaga boshqa bank bir yoqda tursin, hatto ayni bankning boshqa tumandagi bo‘limi ham xizmat ko‘rsata olmasligidir. Masalan, siz Uchtepa tumanidagi bir bank bo‘limining plastik kartochkasiga ega bo‘lsangiz, naqd pul yechib olish uchun (aslida, nazariy jihatdan aytganda, chunki amalda buni deyarli iloji yo‘q) yana aynan o‘sha tumanga kelishingizga to‘g‘ri keladi. Siz, aytaylik, Bektemir tumanida bo‘lib, zarurat yuzasidan naqd pulga muhtoj bo‘lsangiz, Uchtepaga kelib-ketishingizga to‘g‘ri keladi. Bu holatni qanday izohlash yoki tushunish o‘zingizga havola. 

Bundan tashqari, amalda naqd pul olish mumkinligini aytgan ayrim banklar buning uchun rahbarning ruxsati kerakligini ta'kidlashlaridir. Bu nimani anglatadi? Plastik kartochka sizga qaraydi, uni va uning ichidagi mablag‘ni istalgancha tasarruf qilish bo‘yicha mutlaq huquq aslida sizga tegishli, ko‘rib chiqayotganimiz masala, ya'ni plastik kartochkadan naqd pul yechib olish borasida ham. Biroq amalda plastik kartochkangizdan pul yechib olishingiz uchun uchinchi shaxsning ruxsati talab qilinadi.

Shu o‘rinda ikkinchi savol tug‘iladi: Nahotki, mijozlariga sifatli va keng qamrovli xizmat ko‘rsatishdan manfaatdor bo‘lganlar, sun'iy ravishda mijozlarga qiyinchilik tug‘dirayotganlarini bilishmasa? Masalan, bu borada xorij tajribasiga qaraladigan bo‘lsa (ishonamanki, respublikamizdagi barcha banklar bundan juda yaxshi xabari bor, chunki ko‘p hollarda aynan xorij tajribasini ro‘kach qilishlari sir emas), istalgan bank plastik kartochkasi bilan istalgan bankomat (hozircha, bizlar uchun ertak) va yoki bankdan naqd pullarini yechib olishlari mumkin. Buning uchun o‘sha bank xizmat haqini to‘lasangiz kifoya. 

Yuqoridagi ikki holat banklarning mijozlarga ko‘rsatayotgan xizmat sifatlariga doir misollar edi, xolos. Bank xizmatlari borasida kamchilik va muammolar talaygina, ammo ularni bartaraf etish borasida mas'uliyatni zimmasiga oladigan “markaziy bank” topilmayapti...intizorlik bilan kutib qolamiz!

Tolib Rahmatov

Ko‘proq yangiliklar: