24 aprel kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tomonidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Davlat qo‘mitasi prezidentning 2017 yil 14 fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan tashkil etilgandi.
Tadbir davomida Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi joriy yilning 1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘z hisobotini taqdim etdi. Ma'lum bo‘lishicha, investitsiya dasturi bo‘yicha 59,7 mlrd.so‘m, kapital ta'mirlash bo‘yicha 9,4 mlrd. so‘m, joriy ta'mirlash va saqlash ishlari bo‘yicha esa 195,3 mlrd. so‘m miqdoridagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, 710 kilometrdan ortiq umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llari yaxshilangan. Bundan tashqari, manzilli dasturlar asosida respublika bo‘ylab jami 1255,6 km ichki yo‘llar va ko‘chalar ta'mirlangan va bu ishlar ayni damda ham jadal sur'atda davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ikki yil davomida 5454 km (2017 yilda – 2700 km, 2018 yilda- 2754 km) masofadagi yo‘llarni kapital va joriy ta'mirlash ko‘zda tutilgan.