Telegram messenjeri ovozli qo‘ng‘iroqlarni ishga tushirdi, ilovaning Android- va iOS-versiyalaridan audioqo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkin, biroq hozircha faqat G‘arbiy Yevropa aholisi uchun. Suhbatlar end-to-end shifrlash tizimi bilan himoyalangan. Telegram rasmiy saytida shu haqida xabar berildi.
Manbaga ko‘ra, ilova sozlamalarida qo‘ng‘iroq qilishi mumkin bo‘lgan kishilarni cheklash, shuningdek qo‘ng‘iroq davomida sarflanadigan trafik miqdorini kamaytirish mumkin.
Hozircha faqat muayyan bir foydalanuvchiga qo‘ng‘iroqni amalga oshirish mumkin, jamoaviy muloqotlarni yo‘lga qo‘yish haqida esa ma'lum qilinmagan.
2017 yilning 12 martida Telegram qo‘ng‘iroqlar funksiyasining beta-versiyasini sinovdan o‘tkazishni boshlagani haqidagi xabar paydo bo‘lgandi. Avvallari Pavel Durov qo‘ng‘iroqlar funksiyasi yaratilishi mumkinligini aytgan bo‘lsa ham, o‘shanda messenjer ishlab chiqaruvchilari yangi funksiyaning yo‘lga qo‘yilganiga izoh berishmagan edi.