Germaniyada aprel oyining boshida Kibernetik va informatsion qo‘mondonlik punkti ishga tushadi, deya xabar bermoqda Reuters.
Yangi struktura Bonn shahrida joylashadi. Uning boshlang‘ich ish o‘rni 260 kishidan iborat bo‘ladi, lekin iyul oyining so‘ngiga qadar strategik harbiy razvedka va aloqa markazlari ham tarkibga jalb qilinib, xodimlar 13,5 ming kishiga yetkaziladi. 2021 yilga borib xizmatda ishlayotganlar soni 14,5 ming kishiga yetadi, ularning 1,5 mingi shartnoma asosida ishlovchi fuqarolar uchun zaxira qilinadi.
GFR mudofaa vaziri Ursula fon der Lyayyen xonim yangi kiberqumondonlik rahbari ismini ham oshkor qildi — general-leytenant Lyudvig Lyaynxos ushbu mansabga tayinlanadi.
Agentlikning qayd etishicha, struktura NATO va Germaniyani kiberhujumlardan asrashni eng ustuvor vazifa qilib belgilagan kansler Angela Merkel qarorlari bajarish yuzasidan tashkil etiladi. Asosiy dushman sifatida Berlinning e'tirofiga ko‘ra targ‘ibot va bo‘hton xabarlar yordamida nemis jamiyatini izdan chiqarishga urinayotgan Rossiya ko‘rilmoqda.
7 yanvar kuni GFR konstitutsiyasini himoya qilish federal idorasi 2016 yil dekabrida YeXHTga kiberhujum uyushtirishda "rus hakerlari" izlari borligini ma'lum qilgandi. Idora rahbari Hans-Georg Maassenning so‘zlariga ko‘ra, ekspertlarda Rossiya bilan bog‘liq ART 28 (ba'zi o‘rinlarda Fancy Bears) deb ataluvchi guruhning aloqadorligini isbotlovchi dalillar mavjud.