Ravon rossiyalik mijozlariga smartfon sovg‘a qiladi

Fan-texnika 00:26 / 29.03.2017 11863

Ravon brendi Rossiya bozorida "Ravon’dan smartfon" ("Smartfon ot Ravon") deb nomlangan dasturni yo‘lga qo‘ymoqchi. 

Bu haqda kompaniya vakillari Moskvada o‘tgan Ravon dilerlari anjumanida ma'lum qilishdi. Yaqin kunlarda ushbu marka avtomobillarini sotib olgan barcha xaridorlar Google kompaniyasi bilan birga yaratilgan va texnik ko‘rikdan o‘tish uchun masofadan yozilish hamda elektron servis kitobchasi funksiyalariga ega bo‘lgan Ravon Online dasturi bilan jihozlangan smartfonni sovg‘aga oladilar.

2017 yil 23 martdan kompaniya yo‘llarda yordam berish dasturi Ravon Assistance’ni yo‘lga qo‘ygandi. Bu dastur doirasida quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi: mashina buzilib qolganda uni evakuatsiya qilish; texnik yordam (dvigatelni o‘t oldirish); yoqilg‘i qolmaganda uni yetkazib berish; g‘ildirakni almashtirish; mashina buzilganda texnik maslahat berish; huquqiy maslahat berish; mashina buzilib qolganda taksi chaqirtirish.

Ravon Assistance dasturiga 2017 yil 1 yanvardan keyin avtomobil sotib olganlar ham qo‘shiladi. Bundaylar texnik ko‘rikdan o‘tish uchun servisga kelganlarida ushbu dasturga ulanadilar.

2016 yilda Rossiyada Ravon avtomobillaridan 1 811 ta sotilgan. Ayni vaqtda Rossiyada 50 dan ko‘proq dilerlik markazlari mavjud bo‘lib, Ravon 2017 yilda ular sonini 120 taga yetkazmoqchi va 50 mingtaga yaqin mashina sotmoqchi. Ravon modellar qatoriga Ravon R2 (Spark) xetchbegi va Ravon Nexia R3 (Aveo), R4 (Cobalt) va Gentra sedanlari kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: