Moskvada Ravon savdo belgisi dilerlarining anjumani bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi taqdim etgan binoda tashkil etilgan. Bu davlatning avtomobil sanoatini rivojlantirish hamda mahsulotlarni Rossiyada sotishga qanchalik e'tibor berayotganini isbotlaydi. Anjumanning O‘zbekistonda Navro‘z bayrami tantana qilingan kuni o‘tkazilishi ham o‘ziga xos ramziy ma'noga ega. Unda Ravon rejalari va natijalari e'lon qilindi. Bu haqda «Kolyosa.ru» sayti yozmoqda.
Ravon bosh direktori Sharof Ashurov 2016 yil yakunlarini ancha ijobiy baholashini ma'lum qilar ekan, Rossiyada 50ta dilerlik markazi ochilgani, 1 811 dona avtomobil sotishga erishilganini bildirdi.
Biroq, o‘tgan yilga doir ijobiy raqamlar 2017 yilgi rejalar oldida arzimasdek bo‘lib qoldi. Xususan, dilerlik markazlari sonini 120tagacha yetkazish va savdo hajmini 25 martaga oshirish, ya'ni taxminan 50 ming donaga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda.
Sharof Ashurovning «Kolyosa.ru» saytiga bergan intervyusida aytishicha, bozorni diqqat bilan o‘rganish va prognoz qilish shunday deyishga asos bo‘ladi. Kompaniya ixcham Ravon R2 modeli «A» segmentining kamida 80 foizini egallashiga umid qilmoqda. Barcha modellarning korporativ savdodagi ulushi kamida 20 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Hozirdanoq, «Yandeks. Taksi» va Papa Jones, «Yakitoriya», «Tanuki» va «Korchma» kabi tarmoq bizneslari bilan shartnomalar imzolangan.
Savdo o‘sishiga yo‘llarda texnik ko‘mak berishga qaratilgan Ravon Assistance loyihasi ham ijobiy turtki berishi kerak. Bu dastur RBE(«Vse evakuatory Rossii» - Rossiyaning barcha evakuatorlari) bilan hamkorlikda ishlaydi. Ayni vaqtda, ERA-Glonass bilan integratsiyalashuvi ustida ish olib borilmoqda.
Hozirda, Rossiyada Ravon R2 ixcham xetchbeki, Ravon Nexia R3, R4 va Gentra sedanlari sotilishi yo‘lga qo‘yilgan.