Suriyadagi eng yirik to‘g‘on Raqqa ostonasidagi janglarda qisman o‘pirildi

Jahon 23:09 / 26.03.2017 9736

Suriyadagi eng yirik — Furot daryosidagi Tabqa to‘g‘oniga "Suriya demokratik kuchlari" qurollangan koalitsiyasi va IShID terrorchilik guruhi o‘rtasidagi janglar natijasida talofat yetgan, deb xabar beradi Livanning "Al-Mayodiyn" telekanali.

GES 1970-yillarning boshida sovet mutaxassislari bilan hamjihatlikda barpo etilgan edi. "Tabqa" to‘g‘oni mamlakatdagi eng yirik "Al-Asad" suv ombori yo‘lini to‘sib turadi.

Telekanal o‘z manbalariga tayanib xabar beradiki, elektr stansiyasi boshqaruv punkti ishdan chiqqan o‘z ishini to‘xtatgan. Telekanal suhbatdoshining gaplariga ko‘ra, bunga sabab avivazarba yoki artilleriyadan o‘qqa tutish bo‘lishi mumkin. Texnik mutaxassislar hanuz davom etayotgan qaqshatkich janglar tufayli obektga kira olishmayapti.

SDKning arab va kurdlardan iborat otryadlari to‘g‘ondan to‘rt kilometr uzoqlikda turishibdi. Ularning yaqin maqsadi — IShIDning "Suriyadagi poytaxti" Raqqa shahri yo‘lidagi eng yirik tayanch nuqtasi — Tabqa shahrini qo‘lga kiritish.

Terrorchilar portlatib yuborishidan cho‘chiyotgan SDK hozircha Furot GESini shturm qilishga shoshilmayapti, deya xabar beradi "Al-Mayodiyn".

O‘tgan haftada SDK matbuot-kotibi Talal Selu "Al-Vatan" gazetasiga bergan intervyusida Raqqani butunlay qo‘rshovga olish uchun 15 kun yetarli bo‘lishini ta'kidlagan edi. Shundan so‘ng "Suriya demokratik kuchlari" otryadlari AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya harbiy-havo kuchlari ko‘magida shaharni egallash borasida hal qiluvchi harakatlarni boshlashadi.

IShID terrorchilari Raqqani 2013 yildan buyon egallab kelishadi. Hukumat qo‘shinlarining bir necha bor shaharni egallashga bo‘lgan urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Ekspertlarning fikricha, shaharda ayni paytda uch-to‘rt mingga yaqin jangarilar bor.

Ko‘proq yangiliklar: