Toyota kompaniyasi Sienna minivenini yangiladi, u aprel oyida Nyu-Yorkda tashkillashtiriladigan avtoshouda taqdim etiladi. Model tashqi qiyofasi biroz o‘zgardi, shuningdek yangi xususiyatlarga ega bo‘ldi.
Yangilangan venning tashqi qismi kuzovning oldi bilan ajralib turadi, u yerda kapot, radiator panjarasi hamda bamper o‘zgartirildi. Shu bilan birga, ranglar soni ham uch variantga ko‘paydi.
Yangilikning yana bir o‘ziga xos jihati – ko‘p qatlamli old oyna hamda xavfsizlik va haydovchiga yordam tizimidir. U piyodalarni farqlash, yo‘l qismi nazorati va uzoq chiroqni avtomatik ravishda o‘chirib-yoqish funksiyalariga ham ega.
Shuningdek qo‘shimcha haq evaziga venni navigatsiyaga ega Entune 3.0 multimedia majmuasi, Wi-Fi kirish nuqtasi va JBL audiotizimi bilan jihozlash ham mumkin. Bundan tashqari, orqadagi yo‘lovchilar uchun 4,2 dyuymli displey taklif etiladi, salondagi USB-portlar umumiy soni esa beshtani tashkil etadi.
Motordagi o‘zgarishlar haqida hech narsa ma'lum emas. Yangilanmagan model AQShda faqatgina 3,5 litrli 296 ot kuchiga ega V6 va sakkiz pog‘onali avtomat bilan taklif etiladi. 2018 Sienna sotuvlari 2017 yilning kuzidan boshlanadi.