Xitoyning ZTE kompaniyasi AQSh sudida o‘z mahsulotlari va texnologiyalarini Eronga noqonuniy ravishda yetkazib berganini rasman tan oldi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Mart oyi boshida ZTE Eronga texnologiyalar yetkazib berish bo‘yicha AQSh qonunlarini buzgani uchun 1 mlrd dollar jarima to‘lashga rozi bo‘lgani ma'lum bo‘lgandi.
Ma'lum qilinishicha, kompaniyaning o‘z aybini tan olishi AQSh hukumati va kompaniya o‘rtasidagi kelishuvning bir qismi hisoblanadi.
AQShga smartfonlar yetkazib berish bo‘yicha 4-raqamli kompaniya hisoblanuvchi ZTE jarima sifatida 892 mln dollar to‘lab beradi. Bundan tashqari, kompaniya agar 7 yil ichida ushbu kelishuv doirasida belgilangan qadamlarni amalga oshirmasa, yana 300 mln dollar to‘lab berishga rozi bo‘ldi.
ZTE 2010 yildan rivojlanayotgan davlatlarda AQShning Cisco kompaniyasi rasmiy distributori sifatida uning qurilmalarini sotish bilan shug‘ullangan. Mart oyida Reuters axborot agentligi o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda ZTE kompaniyasi Cisco qurilmalarini Eronga sotganini ma'lum qilgan, vaholanki bu kompaniya qurilmalarining Eronga sotilishi taqiqlangan. Axborot agentligining ma'lum qilishicha, Xitoy kompaniyasi Eronga AQShdan boshqa taqiqlangan texnologiyalarni ham sotgan.