Samarqand shahrida keyingi haftada tramvay harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Ushbu loyiha mualliflari va tashabbuskorlari g‘oyasiga ko‘ra, bu shaharga qo‘shimcha sayyohlar oqimini jalb etish, ekologik holatni elektrdan foydalanish hisobiga yaxshilash, shahar bo‘ylab harakatlanishni qulayroq qiladi, deb xabar bermoqda Sputnik.
Biroq bularning bari hozircha so‘zlar, aslida esa shahar navbatdagi o‘ta murakkab loyihaga duch keldi. Sputnik muxbirlari samarqandliklarning bu o‘zgarishlar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Bugun Samarqandning ko‘plab fuqarolari yuzida biroz tushunmovchilikka duch kelish mumkin – nima uchun ularga bu tramvaylar kerak? Bu yerda yaqqol foydalar u qadar ko‘p emas. Birinchidan, tramvaylar shahar bo‘ylab harakatlanuvchi Isuzu kichik avtobuslaridan farqli ravishda o‘z yo‘nalishida cheklangan, shuningdek tezlikni ham alohida aytib o‘tish joiz – u avtobus transportidan bir necha marotaba kamroq.
Yana bir bosh og‘rig‘i – tramvaylar bilan birga paydo bo‘lgan tirbandliklar. Ro‘dakiy ko‘chasi tramvay ishga tushirilishidan avval ham yo‘l trafikidan jabr ko‘rgan, endi esa uning katta qismi tramvaylar uchun berildi hamda avtolar soni juda ko‘payib ketgani yanada yaqqol ko‘rindi. Shu bilan birga, Samarqand yo‘llaridagi mashinalar soni har yili ortib bormoqda. Bir necha yildan so‘ng nima bo‘ladi? Aftidan, shahar ma'muriyatiga bu masala unchalik qiziq emas. Vaziyat Eski shahar, Siyob bozori yonida yanada murakkablashadi. Bu yerdagi tor ko‘chalar jadal harakatga moslashmagan, tramvay paydo bo‘lganidan so‘ng esa avtotransport uchun atigi bir necha polosa qoladi, xolos. Shahar aholisining so‘zlariga ko‘ra, ma'muriyat yo‘lni bir necha joyda kengaytirish uchun uy-joylar buzilishi haqida ogohlantira boshlagan, biroq bu vaziyatni qanchalik o‘zgartirishi mumkinligi noma'lum.
Taksi haydovchilaridan biri bu vaziyat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
«Toshkentda tramvaylar yurdi, keyin kerak bo‘lmay qoldi. Ularni arzon narxda sotishni istashmadi hamda Samarqandga yuborishdi. Qiziq, poytaxtda tirbandliklar tufayli ularni olib tashlashdi, Samarqandda esa bu muammo yanada murakkablashtirildi. 5-10 yildan keyin tramvaylarni Buxoro, Xivaga berib yuboramiz», - deya ta'kidlab o‘tdi u.
Ba'zi bir kishilarning hazil qilishicha, elektr ta'minotidagi doimiy uzilishlar tufayli tramvay kuniga 4 soat yuradi.
«Yashirishni nima keragi bor, shaharda aholini uzluksiz elektr bilan ta'minlash bo‘yicha muammo bor. Tramvaylar yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng nima bo‘ladi – tushunarsiz. Yoki quruvchilar infratuzilmani modernizatsiya qilishadi hamda barcha uylarda “yorug‘” bo‘ladi, ammo bu ishonish qiyin bo‘lgan narsa. Aftidan, aholiga bu harakat tufayli elektr uzatish hajmi yanada kamayadi», - deydi Farida ismli ayol.
«Bu tramvayni qurishga nima uchun katta pullarni sarflash kerak? Ko‘proq avtobuslar xarid qilish kerak – ham arzon, ham samarali. Yo‘llarni buzish, tramvay liniyalarini qurish kerak bo‘lmasdi. Bu xo‘jalikka xizmat ko‘rsatish uchun qancha pullar kerak bo‘ladi? Bu transport o‘zini-o‘zi qoplay olmasligi aniq-ku», - deya ta'kidlaydi Sarvar ismli fuqarolardan biri.
Hozir shaharda ish qizg‘in. Quruvchilar qurilishni Navro‘z bayramiga qadar bitirish harakatida, mish-mishlarga ko‘ra, shaharga ko‘plab oliy darajali mehmonlar kelishi mumkin. Qurilish atrofidagi yo‘llar esa buzilgan, mashinalar chuqurlar o‘rtasida harakatlanmoqda, hamma yerda chang va loy. Albatta, bayramga qadar bu yer tozalanadi, biroq “g‘ubor” qoladi – nima uchun yana bir bora eski xatolarni takrorlab, g‘alati loyihalarga pul sarflash kerak.
Ma'muriyatning rejasida – umumiy uzunligi 34,8 kilometr bo‘lgan to‘rtta tramvay tarmog‘ini qurish bor. Biroq rejalashtirilgan to‘rtta tarmoqdan birinchisi ishga tushirilganidan so‘ng va u taxminan yarim yil ishlatilganidan so‘ng rejalar o‘zgarishi mumkin. Sababi oxir-oqibat real vaziyat hammasini ko‘rsatib beradi.