Niderlandiyada Yevropa uchun "ulug‘ jang" boshlanmoqda

Jahon 22:11 / 15.03.2017 25241

15 mart kuni Niderlandiyada bo‘lib o‘tayotgan parlament saylovlari - diqqat markazida Yevropa bo‘lgan "ulug‘ jang"ning boshlanishi bo‘lishi mumkin. El País'da shunday xabar berildi

Niderlandiya parlamentidagi 150 o‘rin uchun asosiy kurash mamlakatning amaldagi bosh vaziri Mark Ryuttening "Ozodlik va demokratiya xalq partiyasi" va yagona Yevropa, immigratsiya hamda islomga qarshi Gert Vildersning "Ozodlik partiyasi" o‘rtasida kechadi. 

Nashrda ta'kidlanishicha, dunyo tashvishlaridan yiroq bu kichik mamlakat aholisi "populist-ksenofob" Vilders ketidan xalqaro ko‘lamdagi fitnalar orasida qolishdan qo‘rqadi. Bundan tashqari, hollandlar ovozlarni hisoblovchi elektron dasturlariga Rossiyaning aralashuvi, shuningdek Trampga yaqin kishilarning Vildersni moliyalashtirgani haqidagi xabarlardan xavotirdalar, deyiladi maqolada. 

Gert Vilders 24 soat davomida qo‘riqlanadi va unga suiqasd uyushtirishlaridan qo‘rqib, muntazam ravishda yashash joyini o‘zgartiradi. "Ozodlik partiyasi" yetakchisi radikal qarashlar tarafdoridir. U mamlakatni "islomdan tozalash"ga va'da bermoqda, yaqinda esa Niderlandiyadagi marokashliklarni "jinoyatchilar" deb atadi. Vilders o‘z mamlakatini yevrohududdan olib chiqib ketmoqchi ekanini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma'lum qilgan. 

Niderlandiyada ovozlarni qo‘lda hisoblashga qaror qilindi. Hukumatning bunday yo‘l tutishiga kamida 100 nafar mahalliy amaldorning elektron pochtasini buzib kirishga bo‘lgan urinishlar hamda razvedka xizmatlarining Rossiya saylovlar natijasiga ta'sir o‘tkazishdan manfaatdor ekanligiga oid gumonlari sabab bo‘ldi. 

Bundan tashqari, Niderlandiya razvedkasiga ko‘ra, Xitoy va Eron tomonidan amalga oshirilgan kiberhujumlar qayd etilgan, ularning ham iqtisodiy va siyosiy josuslikdan manfaatdorligi taxmin qilingan. 

Niderlandiya xavfsizlik tizimlari ustida ish olib borgan Ronald Pris bu mamlakatga uyushtirilgan hujum - shunchaki Fransiya va Germaniyadagi saylovlardan oldingi "mashq" ekanini aytgan. 

"Diqqat markazida Yevropa bo‘lgan ulug‘ jang boshlanishiga oz qoldi", - deb yoziladi El País'da. 

Ko‘proq yangiliklar: