Microsoft ko‘zlar harakati bilan matn kiritishga imkon beruvchi dastur yaratdi

Fan-texnika 01:01 / 14.03.2017 6744

Microsoft Research xodimlari Vashington universiteti olimlari bilan falajlangan insonlar uchun matn kiritishning arzon usulini o‘ylab topdilar. Bu haqda kompaniya saytida ma'lum qilindi.

Eye-gaze deb nomlangan bu dasturni oddiy smartfonga o‘rnatish mumkin. Ko‘zlar qimirlashini telefon kamerasi kuzatadi. Foydalanuvchiga shuningdek harflar tasvirlangan surat kerak bo‘ladi. Kamerani shtativga o‘rnatib qo‘ysa bo‘ladi.

Dastur tasvirlarni tanish texnologiyasi evaziga ko‘zlarning tasvirini skanerlab, uni muhrlab oladi, so‘ngra ularning har bir harakatini tegishli buyruqlar bilan moslashtiradi. 

Matn terish jarayoni telefon tugmalaridan foydalangan har bir kishiga tanish bo‘lgan usul hisobiga soddalashtiriladi. Dasturda 4 ta harflar guruhi bo‘ladi va foydalanuvchi harfni emas, balki biror guruhni tanlashi kerak bo‘ladi.

Kiritilgan harfni o‘chirish uchun chap ko‘zni qisish, harfni tasdiqlash uchun o‘ng ko‘zni qisish kerak bo‘ladi. Dastur o‘rnatilgan telefonni qo‘lida ushlab turgan yordamchi tayyor so‘zlar ro‘yxatini ko‘rib turadi va mos variantlarni tanlab so‘zlarni kiritishga yordam berishi mumkin.

Kompaniyada ularning usuli bir gapni o‘rtacha 1,5 daqiqada kiritishga imkon berishi aytildi, vaholanki boshqa dasturlarda buning uchun 2 daqiqadan ko‘proq vaqt ketishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: