Niderlandiya bosh vaziri Turkiyadan uzr so‘ramasligini aytdi

Jahon 09:28 / 13.03.2017 9122

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte mamlakatga Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu samolyoti qo‘yilmagani uchun o‘z mamlakati hukumati nomidan Turkiyadan uzr so‘rashdan bosh tortdi. Bu haqda "Frans Press" axborot agentligi xabar bermoqda

"Uzr so‘rash haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas, aksincha ular kechagi ishlar uchun uzr so‘rashlari kerak", deb aytgan Ryutte.

Ryutte yana bir turk vaziri Fatma Betul Sayon Kayya bilan bog‘liq vaziyatga ham tushuntirish berdi. Uning aytishicha, Niderlandiya hukumati ayol vazirni "masofani saqlashi kerakligidan" ogohlantirgan. "Bu biz kecha Rotterdam maydonida kuzatgan xaos va nomaqbul manzaralarga olib keldi", deb aytdi Ryutte.

Eslatib o‘tamiz, Chovusho‘g‘lu Rotterdamda turk jamoasi bilan uchrashib, ularga Turkiyada o‘tadigan konstitutsiyaviy referendum haqida axborot berishi kerak edi. Kayya ham shu maqsadda Rotterdamga kelganda mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Niderlandiyaning bu xatti-harakatlaridan keyin Rotterdam markazida, turk konsulligi binosi yonida norozilik aksiyalari o‘tgan va ular tartibsizliklarga aylanib ketgan. Namoyishchilar Niderlandiya hukumatining turk vazirlariga mamlakatga kirishga ruxsat bermaganidan norozilik bildirishgan. Tartibsizliklar oqibatida 12 kishi hibsga olingan. 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an aks choralar ko‘rishga va'da qildi. Shuningdek, Turkiya tashqi ishlar vazirligi Niderlandiya elchisiga ta'tildan keyin Turkiyaga qaytmasligini "tavsiya qilgan".

Ko‘proq yangiliklar: