Mingdan ziyod salatni tayyorlay oluvchi Sally robotlari AQSh restoranlariga "ishga joylandi"

Fan-texnika 15:43 / 13.03.2017 4607

Chowbotics kompaniyasining Sally nomli roboti deyarli birovning yordamisiz mingdan ziyod salatlarni tayyorlay oladi. Shu xususiyati sabab investorlar unga 5 million dollar sarmoya kiritishga rozi bo‘lishgan. Hi-News shu haqida xabar berdi. 

Oshxonangizda bunday yordamchi bo‘lishi haqida orzu qilishga biroz erta, chunki Sally hozirgi holatida odatiy kvartiralarga sig‘maydi. Shunday bo‘lsa-da, bunday dastyor qurilma umumiy ovqatlanish muassasalari uchun ayni muddaodir. Tez orada u restoranlar, kafelar, mehmonxonalar yoki shifoxona oshxonalarida turli-tuman salatlarni tayyorlab berishi mumkin. 

Chowbotics rahbari Dipaka Sekara robotlarning shu bahor mavsumining o‘zidayoq sotila boshlashiga ishonchi komil. Shuningdek u biroz vaqt o‘tgach, bunday qurilmalar uylarda ham paydo bo‘lishini taxmin qilmoqda. Personal kompyuterlarda ham xuddi shunday holat kuzatilgandi - dastlab katta mashinalar paydo bo‘lgan, keyinchalik ularning hajmi kichrayib, keng qo‘llana boshlangan. 

Sally robotlari hozircha faqat Kaliforniya va San-Frantsiskodagi bir necha restoranlarga "ishga joylandi". Ular bir necha haftadan so‘ng "malaka oshira" boshlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: