Intel MobileEye mashinalarni boshqarishda yordam beruvchi tizimni taxminan 15-16 mlrd dollarga xarid qildi, deb xabar bermoqda The Marker nashri. Bu kompaniya Tesla mashinalarida o‘rnatilgan avpilotlar uchun qurilmalarni yetkazib bergan. Intel kelishuvni tasdiqladi.
Kelishuvning rasmiy qiymati 15,3 mlrd. dollarga teng. Intel MobilEye tomonidan chiqarilgan barcha aksiyalarni xarid qilish va kompaniyani butunlay o‘ziga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Bu Intel’ga “tez o‘sib borayotgan bozor va butunlay o‘zini-o‘zini boshqaruvchi mashinalarda innovatsiyalar yetakchisi sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashda” yordam beradi. Korporatsiyaning fikricha, mashinalar uchun avtopilotlar bozori 2030 yilga kelib 70 mlrd. dollarga o‘sadi.
TechCrunch’ning ta'kidlashicha, Intel va MobilEye’ning kelishuvi Isroil texnologiyalar sohasidagi eng yirik bitimga aylanadi.
Intel va MobilEye ilk bora hamkorlik haqida 2016 yilda ma'lum qilgan. Iyunda ular BMW haydovchisiz avtomobilini yaratish bo‘yicha ishlashga rozi bo‘ldilar. Noyabrda esa Intel haydovchisiz mashinalar avtomatlashtirish tizimlarida ishlatiluvchi mikrosxemalarni yetkazib berishga qaror qildi. Kompaniya ishlab chiqqan loyiha sensorli datchiklar bozoridagi arzon nusxalar sifatida ko‘rildi.
2016 yilning iyulida esa MobilEye Tesla mashinalari uchun avtopilot ustidagi ishni to‘xtatish haqida e'lon qildi va bunga “oddiy materiallar yetkazib beruvchi maqomidan chiqish” istagi bilan izoh berdi. O‘z navbatida, Tesla sherigini bosim o‘tkazishda ayblab, Isroil kompaniyasi avtomobil ishlab chiqaruvchisidan o‘z avtopilotini ishlab chiqarishni to‘xtatish haqida talab qilganini ma'lum qildi.
Ma'lumot uchun, MobileEye 1999 yilda tashkil topgan bo‘lib, kompaniya bosh qarorgohi va ishlab chiqarish markazi Qudusda joylashgan. MobilEye texnologiyasidan BMW, General Motors, Volvo va boshqa yirik kompaniyalar foydalanadi.