O‘g‘ri kimu, to‘g‘ri kim!? Notarial idoradagi nayranglar

Jamiyat 00:13 / 12.03.2017 98500

"Tafsilot.uz" sayti "Jamiyat" gazetasida chop etilgan "Notarial idoradagi nayranglar" nomli maqolani e'lon qildi. Maqolada bugungi kunda davlat notarial idoralarida ildiz otgan dolzarb muammolar qalamga olinadi.

Notarial idora — odamlarning ishi eng ko‘p tushadigan muassasalardan biri. Bu yerda bitimlar tasdiqlanadi, hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligi, hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligi shahodatlanadi, meros huquqi rasmiylashtiriladi, mol-mulkni o‘zga shaxsga o‘tkazish taqiqlab qo‘yiladi yoki ana shunday taqiq bekor qilinadi hamda qonunlarda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlar amalga oshiriladi.

«Notariat to‘g‘risida»gi qonunning 1-moddasida O‘zbekiston Respublikasida notariat qonunlarda nazarda tutilgan notarial harakatlarni hamda ular bilan bevosita bog‘liq huquqiy va texnik tusdagi harakatlarni notariuslar tomonidan amalga oshirish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlashga da'vat etilgan huquqiy institut hisoblanishi, notarial harakatlar esa davlat notarial idoralarining notariuslari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Bundan anglashiladiki, mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularga malakali yuridik xizmat va yordam ko‘rsatish, huquqiy munosabatlarni ishonchli va tinch yo‘l bilan hal etish orqali huquqiy nizolarning oldini olish notarial idoralarning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Ammo, afsuski, amaliyotda hamma narsa qog‘ozda yozilgani kabi silliq va chiroyli bo‘lavermas ekan. Quyida xat-hujjatlarning qonunga muvofiq bo‘lishi uchun mas'ul bo‘lgan notarial idoralardagi qonunbuzarliklar, xizmat vakolatini suiste'mol qilib oddiy odamlarni chuv tushirayotgan notariuslarning xilma-xil nayranglari haqida so‘z yuritamiz.

Ijara shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi shart!

Rasman «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi» deb yuritiladigan, oddiy xalq «vaqtinchalik propiska» deb ataydigan hujjat respublikamizning boshqa hududidan kelib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlayotgan yoki o‘qiyotgan yurtdoshlarimiz uchun katta ahamiyatga ega hujjatlardan biridir. Amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar talabiga ko‘ra fuqarolar poytaxt shahri va viloyatida hisobga turish uchun kelgan kunidan boshlab besh kun muddatda o‘zi vaqtincha turgan joydagi militsiya tayanch punktiga belgilangan tartibda murojaat etishi kerak. Bu talabning bajarilmasligi ma'muriy javobgarlikka tortilish uchun asos bo‘ladi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning «Pasport tizimi qoidalarini buzish» deb nomlanuvchi 223-moddasida belgilanishicha, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi — eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda;  pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas'ul bo‘lgan shaxslarning vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yishi — eng kam ish haqining uch baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda; vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilish — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Buning mavzuga qanday aloqasi bor deysizmi?! Aloqasi bor. Gap shundaki, fuqaroni Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish uchun talab etiladigan hujjatlar ro‘yxatida ijara shartnomasi yoxud turarjoydan tekinga foydalanish shartnomasi ham bo‘lib, qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq mazkur shartnomalar notarial tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Agar fuqaro o‘ziga tegishli hovli yoki xonadon (kvartira)ni begona shaxslarga kelishilgan haq evaziga vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun topshirayotgan bo‘lsa, ijara shartnomasi, basharti o‘z mulkini yaqin qarindoshlariga ma'lum muddatga tekin foydalanishga berayotgan bo‘lsa, turarjoydan tekinga foydalanish shartnomasi tuziladi. Mazkur hujjatlar ijaraga beruvchi va oluvchi o‘rtasida notarial idorada rasmiylashtiriladi.

Tushunganingizdek, respublikamizning boshqa hududlaridan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kelib ishlayotgan, fuqarolik burchiga rioya etgan holda turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishni maqsad qilgan odam borki, notarial idoraning eshigini qoqib borishga majbur. Biroq ular bosh urib borayotgan ayrim notariuslar yurtdoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda qonuniylikni ta'minlash o‘rniga davlat ishonib  topshirgan vakolatlarini daromad manbaiga aylantirib olishgan. Buni o‘zim duch kelgan va surishtirishlarim davomida aniqlagan misollar orqali ochib berishga harakat qilaman.

Ijara shartnomasi uchun qancha davlat boji to‘lash kerak?

2016 yilning oxirlarida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 11-sonli davlat notarial idorasiga turarjoydan tekinga foydalanish shartnomasini tuzish uchun bordim. Navbatim kelgach, notariusga kerakli hujjatlarni taqdim etdim. U hujjatlarni qarab chiqqach, tushlikdan so‘ng kelishimni aytdi. Aytilgan vaqtda yetib bordim. Notarius tushlikdan qariyb bir soatga kechikib qaytdi. Bu yoqda esa tumonat odam…

Uy egasi, rafiqasi bilan birgalikda notariusning xonasiga kirdik. U hammamizning pasportlarimizni ko‘zdan kechirgach, barcha hujjatlarni yordamchisiga uzatib, shartnomani rasmiylashtirish haqida ko‘rsatma berdi. U ko‘z o‘ngimizda hujjatning kompyuterdagi shabloniga o‘zgartirish kiritib, tanishib chiqishimizni so‘radi. Xatolarini tuzatib berganimdan so‘ng to‘rt nusxada printerdan chiqarib, imzolash uchun berdi.

Shundan so‘ng notarius tuman IIBga borishi kerakligini aytib chiqib ketdi. Qizig‘i shundan keyin boshlandi.

— Kassaga 160 ming to‘lab chiqing! — dedi notarius yordamchisi.
— Nima uchun 160 ming?
— Davlat tomonidan belgilangan narx shunday!
— Qiziq! Ishxonamizda ikki nafar xodim ham xuddi shunday shartnomani rasmiylashtirib, buning uchun eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida davlat boji to‘lashganini aytgandi. Nima ular boshqa davlatda yashashadimi? Yoki O‘zbekistonda har bir tumanda boshqa-boshqa qonunlar amal qiladimi?
— ?
— Notarius qachon keladi? Telefon qilib mening so‘zlarimni yetkazing-chi, nima derkin?!
— … Mayli, Siz yuz ming to‘lay qoling!
— Qaysi hujjatga asoslanib belgilayapsiz bu narxni?
— ?
— Asosni ko‘rsating menga?
— Yaxshisi, notarius kelishini kuta qoling!

G‘azabimni ichimga yutib notariusni kuta boshladim. Ammo hadeganda undan darak bo‘lmadi. Bir soatdan ko‘proq kutgach, zoye ketayotgan vaqtimga achindim. Kel, pul ketsa keta qolsin, shular bilan haq talashib asabimni egovlamay deya kassaga borib notarial idoradagi bank jamg‘arma kassasiga borib, plastigimni uzatdim va kassirdan hisobimdan 80 ming so‘m yechib olishini so‘radim.

«Nima uchun?», degan savol bo‘ldi. Bu pulni nima uchun to‘layotganimni aytdim. Kassir o‘tirgan joyida narigi xonadagi notarius yordamchisidan: «Bu kishi tekin foydalanish shartnomasi uchun 80 ming to‘lamoqchi, nima qilay?», — deb so‘radi. «Olib qolaver!», degan javob bo‘ldi. «Kvitantsiyaga nima deb yozay, pullari naqd emas, plastikda ekan?!»

Shundan so‘ng notarius yordamchisi xonasiga chaqirib, ikkita kvitansiyani to‘ldirib, kassaga shu pul (qariyb 30 ming)ni to‘lashim hamda shartnomani Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Olmazor tumani bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari uchun 15 ming so‘m naqd pul to‘lashim kerakligini aytdi.

160 mingdan boshlangan to‘lov haqimni talab qilganimdan so‘ng 45 ming so‘mgacha kamaydi. Ammo buni ham qonuniy deb bo‘lmaydi. Aslida ushbu hujjatni notarial tasdiqlab berishgani uchun Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalariga muvofiq eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida davlat boji to‘lashim kerak edi xolos. Ayni paytda bu 29955 so‘mni tashkil etadi. Kadastr xizmati uchun naqd ko‘rinishda talab qilingan 15 ming so‘m esa notarius yordamchisining vijdoniga havola.

Ajablanarli jihati shundaki, shartnomada esa mazkur notarial harakat uchun 14977,5 so‘m miqdorida davlat boji, texnik tusdagi xizmat uchun 7488,75 so‘m miqdorida xizmat haqi, jami 22466,25 so‘m undirilgani qayd etilgan.

Hammaning o‘z ulushi bor!..

Notariusni kutib o‘tirganimda yanada ajabtovur ishlarning guvohi bo‘ldim. Mendan keyin kelib, ijara va tekin foydalanish shartnomasini rasmiylashtirganlardan 150-160 ming so‘mdan undirildi. Bundan boshqa turdagi notarial harakatlar uchun ham belgilanganidan ortiq pul undirilganini taxmin qilish mumkin. Buning tagiga yetish yo‘li juda oson. Vakolatli idoralar men tekin foydalanish shartnomasini tuzgan kuni yoki yaqin kunlarda ushbu notarial idora xizmatlaridan foydalanganlar bilan bog‘lanib, ko‘rsatilgan notarial harakatlar uchun qancha pul olishganini so‘rab-surishtirishsa bo‘lgani. O‘g‘ri kimu, to‘g‘ri kimligi ma'lum bo‘ladi-qoladi.

E'tiborimni tortgan jihatlardan yana biri to‘lovlarning naqd pulda talab qilinayotganidir. Buning sababini ham tez orada bilib oldim. Notariusni kutib o‘tirganimda notarus yordamchisi, ikki nafar stajyor va bank jamg‘arma kassasi kassiri qabulxonada o‘tirganlarni ham yuz-xotir qilib o‘tirmay «tushum» (davlat bojidan ortiqcha undirilgan pullar)ni talashib ketishdi. Ma'lum bo‘lishicha, ortiqcha undirilgan pulda notarius, uning yordamchisi, stajyorlar va kassirning belgilangan ulushlari bo‘lib, ayni paytda bir kunlik «hosil»ni taqsimlash uchun kelisholmay turishgan ekan.

Esingizda bo‘lsa, yuqorida notarius yordamchisi shartnoma uchun 80 ming so‘m to‘lamoqchi bo‘lganimda, kassirga olib qolaver degan, u esa plastikdan to‘layotganim uchun mendan to‘lovni qabul qilmagan edi. Gap shundaki, to‘lov terminali orqali plastikdan yechib olingan pul bankka yaxlit tushgani bois uni maydalab bo‘lmas, davlat boji kvitansiyada aniq ko‘rsatilishi hamda unga to‘lov cheki ilova qilinishi kerak ekan. Naqd pul qabul qilinganda esa ortiqcha mablag‘ni yashirishning bir qancha yo‘llari bor ekan. Notariuslar odamlardan nima uchun imkon qadar naqd pul talab qilishlarining sababini tushundingiz deb o‘ylayman.

Xulosa o‘rnida…

Mavzu yuzasidan jamoatchilik fikrini ham o‘rganib ko‘rdim. Buning uchun yurtdoshlarimiz faol bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda notarial idoradagi qanday qonunbuzarlik va qing‘irliklarga duch kelishgani, shuningdek, ijara, tekin foydalanish shartnomalarini rasmiylashtirganlik va boshqa turdagi notarial harakatlar uchun notariuslarga qancha pul to‘lashganini surishtirib ko‘rdim. Fuqarolar manfaatini himoya qiladigan idora tomonidan talanganlar oz emas ekan. Bu haqda mavridi kelsa hali yana qaytamiz. 

Ko‘proq yangiliklar: