Turli avloddagi iPhone’larni sinab ko‘rish – bu ancha qiziq jarayon. Yaqinda YouTube’dagi EverythingApplePro kanalida Apple’ning barcha 15ta smartfoni taqqoslangan video joylashtirildi - 2G’dan 7 Plus’gacha. O‘tkazilgan sinovlarda tez ishlash, kamera, dinamiklar balandligi va chiqariluvchi issiqlik kabi jihatlar baholandi.
Apple iPhone 7 chiqqanidan so‘ng, bu smartfon to‘qqiz yil avval chiqarilgan 2G’dan 120 barobarga tezroq ekanini ma'lum qildi. Biroq, video muallifining ta'kidlashicha, «biz yangi telefonlarning tezligi pasayib boradigan nuqtada turibmiz».
Bu haqiqatdan ham rost. Muallif sinov paytida barcha 15ta iPhone’ni port-xabga bir vaqtda ulab qo‘ydi hamda iOS qanday ketma-ketlikda yuklanishini kuzatib bordi. iPhone 7 birinchi bo‘lgan bo‘lsa, iPhone 7 Plus faqatgina sakkizinchi natijani ko‘rsatdi. iPhone 4s esa so‘nggi pog‘onadan joy oldi.
Rolikda kameralarni yoqish tezligi ham taqqoslandi. Shunisi qiziqki, iPhone 7 va iPhone 7 Plus’da bu ilovani ishga tushirish tezligi eng yuqori darajada emas ekan. (Garchi smartfonning bu so‘nggi ikki nusxasidagi kameralar sifati albatta juda yaxshi holatda bo‘lsa ham).
Dinamiklar balandligiga keladigan bo‘lsak, sinovdan o‘tkazishning bu bosqichida iPhone 7 va iPhone 7 Plus eng yaxshi natijani qayd etgan.
Bundan tashqari, video muallifi smartfonlardan chiqariluvchi issiqlikni ham o‘zaro solishtirib, yangi modellar samarali sovutish tizimiga ega ekanini aniqladi. Shu bilan birga, Plus qo‘shimchali smartfonlar umuman olganda ko‘proq issiqlik chiqaradi.
Touch ID ishlash tezligi sinovida iPhone 6s birinchi o‘rinni egalladi.
Apple’ning rivojlanish jarayonini yaqqol ko‘rsatib bergan videoni e'tiboringizga havola etamiz.