Combot servisi Telegram messenjeri qaysi mamlakatlarda ommabop ekanini aniqladi.
Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, ular o‘z hisob-kitoblarini Google Play va iOS Store ma'lumotlari asosida olib borgan. Bunda ilovani o‘rnatish miqdori, faol foydalanuvchilar taxminiy soni, shuningdek, u yoki bu mamlakatdagi internet-auditoriya hajmi e'tiborga olindi.
2017 yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra Telegram Eronda eng ommabop ekan – bu yerda uni internet foydalanuvchilarning 44,7 foizi ishlatadi. Malayziya va O‘zbekiston ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi (18,3 foiz hamda 16,2 foiz).
Shuningdek, Singapur (11,3 foiz), Ispaniya (10,6 foiz), Italiya (10,5 foiz), Saudiya Arabistoni (9,9 foiz), Braziliya (8,7 foiz), BAA (7,9 foiz) va Niderlaniyada (7,1 foiz) ham ancha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Rossiya reytingning 11-o‘rnidan joy oldi: Pavel Durovning atigi 6,3 foiz hamyurti uning messenjeridan foydalanadi.
Telegram’ni Buyuk Britaniya (1,3 foiz), Hindiston (1,7 foiz), Misr (3 foiz), Turkiya (3,3 foiz) va Ukrainada (3,4 foiz) eng kam odamlar ishlatadi.
Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, statistikada desktopli nusxa va norasmiy ilovalar o‘rnatilishi hisobga olinmagan. Bundan tashqari, reytingga Telegram’ni kamida 1 mln. aholisi o‘ziga o‘rnatib olgan mamlakatlargina kiritildi.