Jyeneva avtosalonida Hyundai’ning FE Fuel Cell kontsepti jahon premerasi bo‘lib o‘tdi. U markadagi vodorod yo‘ltanlamasning kelajakdagi seriyasi haqida tushuncha beradi. Nusxa 800 kilometrlik yo‘l zaxirasiga ega.
Kontsept Koreya markasining 2020 yilga qadar 14ta yangi ekomodellarni chiqarish bo‘yicha global dasturi doirasida tayyorlandi. Bugungi kunda Hyundai’da bitta ix35 seriyali yo‘ltanlamasi bor hamda u vodorodli yoqilg‘idagi kuch qurilmasiga ega.
Seriyali ix35 quvvati 136 ot kuchi bo‘lgan elektr dvigateli va litiy-ionli akkumulyatorlar bilan jihozlangan. Unga quvvat kislorod va vodorod o‘rtasidagi kimyoviy reaksiya natijasida ishlab chiqariladi. Yo‘ltanlamas yoqilg‘ini qayta quymay turib 594 kilometr yo‘l yurishi mumkin, maksimal tezligi esa soatiga 161 kilometrga teng.
Hyundai’ga ko‘ra, kontseptning kuch qurilmasi vodorodli ix35’ga qaraganda 20 foizga yengilroq, biroq shu bilan birga, 10 foizga samarali hamda 30 foizga kuchliroq. Kompaniya tizim haqida aniq ma'lumotni keltirmadi.
Nusxaning yana bir o‘ziga xos jihati yukxonadagi maxsus quvvatlantirish stansiyasiga ega elektr samokatining borligidir. U qisqa masofalarga sayr qilishda, masalan, avtomobil turargohidan ishgacha ishlatilishi mumkin.
FE Fuel Cell kontseptining qisman davomi bo‘ladigan seriyali yangilik 2018 yilda paydo bo‘ladi.